...

06 Okt

Fakultetlar hamkorligida “Nuroniylar yoshlar nigohida” mavzusidagi uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ularning o‘rnini yanada oshirish maqsadida har yil oktyabr oyining birinchi haftasida yurtimiz miqyosida “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan.
Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika institutida ham bugun «Kimyoviy texnologiyalar», «Transport» va «Energetika va radioelektronika» fakultetlari hamkorligida ibratli hayot yo‘li va mehnati bilan aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan keksalar ishtirokida “Nuroniylar yoshlar nigohida” mavzusida uchrashuv tashkil etdi.

Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M. Xolbekova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Kimyoviy texnologiya kafedrasi dotsenti Abdug‘affor Avalboyev tadbir ishtirokchilariga o‘zining ish faoliyati, hayot va mehnat tajribasi haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi. Sohada bilim olayotgan yosh kadrlarga o‘zining qimmatli maslahatlari va tavsiyalarini berib o‘tdi. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor, soha rivoji uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida gapirdi.
– Har bir yuksalish ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Shunday ekan, izlaning, bilim oling va tinimsiz mehnat qilib, har biringiz o‘z sohangiz rivojiga o‘z hissangizni qo‘shing, – deya alohida ta’kidladi.

Abdug‘affor Avalboyev. Shuningdek, tadbirga Sharof Rashidov tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Shavkat Badalov ham taklif etildi.
Avvalo, bu haftalikning tashkil etilishi biz, keksalarga bo‘lgan hurmatning ifodasi, – dedi Shavkat Badalov. – Zero, keksalik yoshlarga to‘g‘anoq emas – suyanchiq, raqib emas – muallim, befarq emas – hamdard bo‘lish demakdir. Prezidentimiz keksalarni qadrlash va ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish borasida bir qator ishlarni amalga oshiryapti. Albatta, bu ishlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida komil inson qilib tarbiyalashda bizga shijoat bag‘ishlaydi, – deya ta’kidladi.

Uchrashuv so‘nggida iqtidorli talabalar tomonidan she’r, qo‘shiq va musiqiy chiqishlar namoyish qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularda vatanparvarlik ruhini uyg‘otish, puxta bilim va xorij tillarini mukammal egallash orqali munosib kasb egalari bo‘lib yetishish, shiddat bilan taraqqiy etayotgan hozirgi davrda mamlakatimiz hamda dunyoning yetakchi firma va kompaniyalarida faoliyat olib borishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanishni targ‘ib etish bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.