2022-yil 4-9-iyul kunlari Rossiya Federatsiyaning Moskva shahrida joylashgan “Moskva avtomobil yo‘llari insituti (MADI)” da “Международная летняя школа «Дорога #1»” nomli xalqaro yozgi maktab dasturi amalga oshirilmoqda. Yozgi maktab MDHga a’zo davlatlarning oliy ta’lim muassasalari va MADI o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, MADI asosida maqsadli dasturlarni yo‘lga qo‘yish va universitetning ta’lim va ilmiy salohiyati bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan. Yozgi maktabni o‘tkazish MADI o‘qituvchilarining chet ellik hamkasblari bilan bevosita aloqalarini o‘rnatish va Rossiyaning transport kompleksini rivojlantirish istiqbollari va Moskva jamoat va madaniy hayotining turli jihatlari bilan tanishish imkonini beradi. Yozgi maktabda ishtirok etish uchun MDHga a’zo davlatlardan: Ozarbayjon, Armaniston, Belarusiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, O‘zbekiston, Abxaziya Respublikasi, Janubiy Osetiya Respublikasi, Moldaviya Respublikasi, Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasidan 25-35 yoshdagi yosh olimlar va o‘qituvchilardan iborat 50 nafar delegat tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan Toshkent davlat transport universiteti, Jizzax politexnika instituti (JizPI) va Qarshi muhandislik iqtisodiyoti institutidan jami 8 kishidan iborat delegatlar ishtirok etmoqda. Xususan, JizPIdan Transport vositalari muhandisligi kafedrasi assistenti Raxmatov O‘tkirjon, Transport logistikasi kafedrasi assistenti Nishonov Azizbek va Yo‘l muhandisligi kafedrasi assistenti Muradov Zuxriddin faol ishtirok etishmoqda.