Jizzax politexnika instituti rektorining Zomin tumanidagi “Shirin” MFYga qarashli, “Qizilsoy” qishlog‘ining uyushmagan 14 nafar yoshlari va qishloqdagi 20-sonli maktabning 20 nafar bitiruvchilari bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuvda mahalla faol yosh tadbirkorlari, ota-onalar, mahalla faollari, maktab pedagog jamoasi va institut professor-o‘qituvchilari qatnashdilar. Institut rektori uchrashuv qatnashchilariga institut haqida so‘z yuritib, talabalarga yaratilgan shart - sharoitlar, tashkil etilgan fakultet va kafedralar faoliyati, abituriyentlarni OTMga tayyorlash kurslari va talabalar uchun faoliyat olib borayotgan to‘garaklar haqida, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari xususida to‘xtalib o‘tdi. Bilim olish uchun institutda barcha qulayliklar mavjudligi, institut o‘quv xonalari eng zamonaviy o‘quv ko‘rgazmalari va laboratoriyalari bilan jihozlanganligini ta’kidlab, bugundan boshlab OTMda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarni institutdagi abituriyentlarni OTMga tayyorlash kurslariga borishlari mumkinligi, ularni bepul tayyorlash kafolatlanishi haqida o‘z fikr mulohazalarini bayon etdi. Keltirilgan ma’lumotlar yoshlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. Davra suhbati qizg‘in savollarga boy tarzda bo‘ldi. Xususan, maktabning psixologi, bitiruvchilari va ota-onalar tomonidan berilgan savollarga institut rektori atroflicha javob berdi. Uchrashuvda ishtirok etgan institutning “Bino va inshootlar qurilishi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdulaziz Boymatov, “Energetika” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ikrom Xonto‘rayevlar ham o‘zlari faoliyat olib borayotgan kafedralar ta’lim yo‘nalishlari haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berdilar. Tadbir yakunida maktab direktori A.Normatov viloyatdan tashrif buyurgan institut rektori rahbarligidagi professor-o‘qituvchilarga minnatdorchilik bildirib, bu uchrashuv yoshlarni yanada kirish imtihonlariga munosabatini, sergakligini oshirishiga xizmat qilishinini, bugundan boshlab aynan Jizzax politexnika institutiga o‘qish istagini bildirgan 5 nafar maktab bitiruvchisini institutdagi abituriyentlarni OTMga tayyorlov kurslariga jalb qilishni va maktabning institut bilan hamkorligini yanada samarali yo‘lga quyilishini ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv so‘nggida institut faoliyati bo‘yicha tayyorlangan videorolik namoyish etildi.