24 Mar

- 2021-03-24 22:27:16
“Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida seminar bo‘lib o‘tdi
Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan seminar ana shunday nomlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi, Jizzax politexnika instituti va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i J.Jumayev hamda katta ilmiy xodim T.Evadullayevlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab, ma’ruzachilar tomonidan bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari, yoshlarning bilim olishlari, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashlari uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar xususida fikr yuritildi.
Shuningdek, barqaror tinchligimizni, osuda hayotimizni ko‘ra olmaydigan, ongu-tafakkurini buzg‘unchi g‘oyalar egallagan, g‘araz niyatli turli oqim va guruhlar, ularning qabih niyatlari, yovuz maqsadlariga erishish yo‘lida muqaddas islom dinini niqob qilib olishgani haqida ma’lumotlar berildi. Eng yomoni, diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targ‘ib qilishda, jamiyatda norozilik kayfiyatini tarqatishda yoshlarimiz eng ko‘p murojaat qiladigan ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanishayotganligi aytib o‘tildi. Ayrim hollarda yoshlarning bilib-bilmay bu oqimlar ta’siriga tushub qolishayotganligi ma’ruzachilar tomonidan afsus bilan tilga olindi.
Ma’ruzachilar bugungi globallashuv sharoitida ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotganini, bu salbiy illatlarni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozimligi aytib o‘tishdi. Yoshlarimizni turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat”, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, ekstremizm va terrorizm kabi salbiy illatlardan saqlash, ogoh va hushyor bo‘lish, kelajigimiz egalarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish uchun faqat ma’rifatga, ma’naviyatga tayanish lozimligi ta’kidlandi. Ma’rifat, ilm ularning ma’naviy olamini, dunyoqarashini boyitish bilan birga yoshlarimizdagi vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga ham xizmat qilishi, aytib o‘tildi.
Samimiy muloqot tarzida o‘tgan tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.


