...

28 Sen

Jizzax politexnika instituti professor-o’qituvchilari va talabalarining xorijiy safarlari

O’tib borayotgan yil davomida Jizzax politexnika institutining ko’plab professor-o’qituvchilari va talabalari xorijiy safarlarda bo’lishdi. Ushbu xorijiy safarlar bilan quyida tanishishingiz mumkin:

________________________________________________

Mart oyining dastlabki kunlarida Slovakiya Respublikasining Koshitse shahrida Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi doirasida «TRIGGER – Markaziy Osiyoda bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash uchun qulay muhit yaratish orqali universitet talabalari o‘rtasida innovatsion yondashuvlar, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish» xalqaro loyihasining 3-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda Slovakiyaning Koshitse Texnika universiteti, Avstriyaning BFI Vena Amaliy fanlar universiteti, Fransiyaning Cot-dAzur universiteti, Gretsiyaning Pirey shahrida joylashgan IDEC S.A. kompaniyasi, Tojikistondan Kulob Davlat universiteti, Khorog davlat universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Dushanbe filiali, Dangara davlat universiteti, Qozog‘istondan L.N.Gumilyov nomidagi Evroosiyo milliy universiteti, H.Dosmuhamedov nomidagi Atirau universiteti, S.Toraygirov nomidagi Povlodor davlat universiteti, O‘zbekistondan Jizzax politexnika instituti, Termiz davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti shuningdek, Toshkent davlat transport universiteti vakillari qatnashdilar.

Uchrashuvda TRIGGER loyihasi a’zolari boʻlgan Jizzax politexnika instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Temur Berdiyorov va Iqtisodiyot va menejment kafedrasi katta o’qituvchisi Yorqinjon Ortiqovlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida loyiha natijalari, kelgusi ishlarni rejalashtirish, Koshitse Texnika universiteti fakultetlari bilan tanishuv hamda universitet rahbariyati bilan uchrashuvlar bo’lib o’tdi.

Bu haqda quyidagi manzilda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/14487

________________________________________________

Mart oyining birinchi yarmida Jizzax politexnika instituti vakillari Fransiyada o’tkazilayotgan Erasmus+ dasturi doirasidagi TRIGGER loyihasining navbatdagi seminar-treningida ishtirok etdilar.

Xalqaro TRIGGER loyihasining navbatdagi uchrashuvi yakunlari Fransiyaning Nissa shahrida bo’lib o’tdi. Uchrashuv davomida Jizzax politexnika instituti bilan ilmiy-texnika sohalarida istiqbolli loyihalarda hamkorlik qilish rejalari tuzildi.

________________________________________________

Iyun oyida institutimizning 4 nafar o’qituvchisi Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida stajirovka o’tashdi.

Stajirovka doirasida vakillarimiz bilan Ege universitetining magistratura va doktarantura bo’limi direktori prof. Baxri Basharan hamda Ziraatchilik fakultet dekani prof. Bonu Yochullar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuvda kelgusidagi o’zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, institutimiz o’qituvchilari Mirzayev Uchqun, Abdullayev Elnur, Xudoyberdiyev Umidjon, Turatov Bekzodlar Turkiyaning Ege universitetida talabalar va professor-o’qituvchilarga belgilangan mavzular bo’yicha dars mashg’ulotlari o’tishdi.

Bu haqda quyidagi manzillarda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/16726, https://t.me/JizPI_online/16954, https://t.me/JizPI_online/17192

________________________________________________

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya oliy ta’lim muassasalari forumida texnik hamda injenerlik sohasida kadrlar tayyorlaydigan 20 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rektor, prorektorlari va vazirlik mas’ullaridan iborat delegatsiya Turkiyaning Izmir shahrida bo‘lishdi.

Ushbu forum boshqa OTMlar kabi Jizzax politexnika instituti uchun ham salmoqli bo‘ldi. Forumda institutimiz delegatsiyasi tarkibida institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov , institut Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo’limi boshlig’i Jamshid Abdunazarov, institut Xalqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Uchqun Mirzayev hamda institutning 3 nafar o’qituvchilari ishtirok etdilar. Forum doirasida Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.

Natijada esa jami 9 ta shartnoma va memorandumlar imzolandi. Jumladan, Andolu universiteti, Kaysari universiteti, Bartin universiteti, Yeditepe universiteti, Erzrum texnika universitetilari bilan hamkorlik memorandumi, Ege universiteti bilan talabalar va o’qituvchilar almashinuvi(Mevlana dasturi doirasida), qishloq xo’jaligi, to’qimachilik, mashinasozlik, energetika, kimyo texnologiyalari kabi sohalarda hamkorlik qilish bo’yicha shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Shuningdek, forum doirasida ishlab chiqarish korxonalari hamda kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar, Yildiz texnika universiteti rektorining taklifiga binoan institut rektori ushbu universitetga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Jizzax politexnika instituti delegatsiyasining Yildiz texnika universiteti rektori professor Tamer Yilmaz va YTUYILDIZ texnoparki bosh direktori Orhan Tanisman bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jizzax politexnika instituti va Yildiz texnika universiteti oʻrtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish masalalari muhokama qilindi.

Xususan,

– O‘qituvchilar uchun malaka oshirish, stajirovka va qo‘shma doktorantura dasturlarini hamda talabalar almashuvini tashkil etish;

– Ikki institutlar axborot–resurs markazlarining o‘zaro integratsiyasini ta’minlash;

– Kredit-modul tizimi bo‘yicha ilg‘or tajribalar asosida fan dasturlarini takomillashtirish;

– Ilmiy tadqiqot ishlarini (dissertatsiya, startap, ilmiy seminarlar, tajriba sinovlari, spin off) hamkorlikda olib borish;

– Xalqaro donor tashkilotlar dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish (Mevlana, Erasmus+, Turkiya burslari, Tika va boshqalar);

Bu haqda quyidagi manzillarda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/16746, https://t.me/JizPI_online/16849?single

________________________________________________

Joriy yilning 9-12 mart kunlari Jizzax politexnika institutning To’qimachilik mahsulotlarini qayta ishlash kafedrasi dotsentlari J.K.Gafurov va D.D. Inogamdjanov Turkiya davlatining Ege universitetida xizmat safarida bо‘lib qaytishdi.

Turkiya va О‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari о‘rtasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, ikki davlat о‘rtasidagi shartnomalariga asoslanib hamda Evropaning Erasmus CBHE dasturi doirasida amalga oshirilayotgan REILEAP – O’zbekiston-Qozog’iston charm va charm mahsulotlari bo’yicha oliy o’quv yurtlarining salohiyatini oshirish loyihasi bo’yicha navbatdagi 6-uchrashuvi Turkiyaning Ege universitetida bo’lib o’tdi.

Ushbu hamkorlik – ikki oliy ta’lim muassasasi о‘rtasidagi akademik va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilib, hamkorlik asosida ikki muassasada taklif qilinadigan barcha yо‘nalishlar va fanlar bо‘yicha ta’lim va tadqiqot faoliyatini о‘z ichiga qamrab oladi. Shuningdek, ikki о‘quv yurtining professor-о‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, doktorant va talaba-yoshlarining о‘zaro almashinuvini ta’minlaydi.

Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va о‘zaro almashinuvni rivojlantirish maqsadida Turkiya Respublikasining Ege universiteti va Jizzax politexnika instituti о‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bu haqda quyidagi manzilda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/14783

________________________________________________

2022-yil 4-9-iyul kunlari Rossiya Federatsiyaning Moskva shahrida joylashgan “Moskva avtomobil yo‘llari insituti (MADI)” da “Международная летняя школа «Дорога #1»” nomli xalqaro yozgi maktab dasturi amalga oshirildi.

Yozgi maktab MDHga a’zo davlatlarning oliy ta’lim muassasalari va MADI o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, MADI asosida maqsadli dasturlarni yo‘lga qo‘yish va universitetning ta’lim va ilmiy salohiyati bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan. Yozgi maktabni o‘tkazish MADI o‘qituvchilarining chet ellik hamkasblari bilan bevosita aloqalarini o‘rnatish va Rossiyaning transport kompleksini rivojlantirish istiqbollari va Moskva jamoat va madaniy hayotining turli jihatlari bilan tanishish imkonini beradi. Yozgi maktabda ishtirok etish uchun MDHga a’zo davlatlardan: Ozarbayjon, Armaniston, Belarusiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, O‘zbekiston, Abxaziya Respublikasi, Janubiy Osetiya Respublikasi, Moldaviya Respublikasi, Donetsk Xalq Respublikasi va Lugansk Xalq Respublikasidan 25-35 yoshdagi yosh olimlar va o‘qituvchilardan iborat 50 nafar delegat tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan Toshkent davlat transport universiteti, Jizzax politexnika instituti (JizPI) va Qarshi muhandislik iqtisodiyoti institutidan jami 8 kishidan iborat delegatlar ishtirok etdilar. Xususan, JizPIdan Transport vositalari muhandisligi kafedrasi assistenti Raxmatov O‘tkirjon, Transport logistikasi kafedrasi assistenti Nishonov Azizbek va Yo‘l muhandisligi kafedrasi assistenti Muradov Zuxriddin faol ishtirok etishdi.

Bu haqda quyidagi manzilda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/17288

________________________________________________

Institutimizning professor-o’qituvchilari A.Berdiyorov, J.Abdunazarov, Y.Ortiqov hamda O.Arzikulovlar Yevropa ittifoqi Erasmus+ dasturining TRIGGER loyihasi doirasida Avstriya davlatining poytaxti Vena shahrida joylashgan Biznes moliya institutida (BFI) «Samarali tadbirkorlik ta’lim dasturlarini tayyorlash uchun universitet vakillarini o’qitish» mavzusi bo’yicha 2022-yilning 19-sentabrdan 30-sentabrga qadar loyiha dasturi doirasida bo’lib o’tayotgan seminar treningda ishtirok etmoqdalar.

Bu haqda quyidagi manzilda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/18088

________________________________________________

11-14 iyul kunlari Tojikiston Respublikasi Panjikent shahridagi Pedagogika instituti taklifi asosida dots. S.Sattarov hamda kafedra mudiri A.Mustafokulov “IV-ARTUCH UQISHI” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdilar.

Ushbu konferensiya “Zamonaviy davrda filologiya, ijtimoiy, gumanitar va tabiiy fanlarning dolzarb masalalari” mavzusiga bag‘ishlagan.

Konferensiyada institutimiz professor-o‘qituvchilari quyidagi mavzular bilan chiqishlar qilishdi:

1. S.Sattarov – “ЧЕЛОВЕК КАК ФИЗИЧЕСКАЯ СИСТЕМА”.

Ushbu ilmiy maqolada “Tebranish va to’lqinlar” fizik mavzusini odam sistemasi misolida tushuntirishning yangi uslubiy yondashuvi keltirilgan.

2. A.Mustafokulov “ILM-MA’RIFAT FIDOYISI”.

Ushbu maqolada Prezidentimiz qarori bilan Samarqand davlat universitetiga buyuk davlat arbobi, yozuvchi, ilm-ma’rifat fidoyisi Sh.Rashidovning nomi berilganligi to’g’risida ma’lumot berilgan. Buyuk davlat arbobi Sh.Rashidovning ilm-ma’rifat sohasidagi faoliyati haqida fikr yuritiladi.

Shuningdek, institutimiz vakillari Tojikiston Respublikasi Panjikent Pedagogika instituti rektori Ansori Muazzamxon Qudratzoda hamda Ilmiy ishlar prorektori Vohidov Shodmon Huseynovichni 60 yillik yubileylari bilan tabrikladilar.

________________________________________________

Joriy oyda Qirg‘iziston Respublikasining Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan «Jahon rektorlar forumi»da Jizzax politexnika instituti rektori A.Usmankulov hamda institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori J.Abdunazarov ishtirok etdi.

Ushbu forum ilg‘or xalqaro tajribalar asosida universitetlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ishtirokchilar tomonidan ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash masalalarining muhokama qilinishi va universitetlarning intellektual faoliyati natijalarini tijoratlashtirish, universitet xodimlari uchun innovatsion malaka oshirishni tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi maqsad qilingan.

Forum mahalliy universitetlar va ularning ilmiy maktablari orqali xalqaro hamkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga, tadqiqot hamda ta’lim xizmatlari bozori ulushini oshirishga xizmat qiladi va intellektual faoliyat natijalarining raqobatbardoshligini oshiradi.

Forum doirasida Jizzax politexnika instituti bilan quyida nomi keltirilgan OTMlar o‘rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolashga kelishib olindi:

– Varna Free University (Bolgariya Respublikasi);

– Rossiyaning Birinchi Prezidenti B.N.Yelsin nomidagi Ural Federal universiteti (Rossiya Federatsiyasi);

– Uskudar universiteti (Turkiya Respublikasi);

– Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy Universiteti (Qozog‘iston Respublikasi);

– Qirg‘iziston davlat texnika universiteti(Qirg‘iziston Respublikasi);

– Osh davlat universiteti(Qirg‘iziston Respublikasi).

Bu haqda quyidagi manzilda ma’lumot bergan edik: https://t.me/JizPI_online/17940

Yil yakuniga qadar yana ko‘plab professor-o‘qituvchilarimizning xorijiy safarlarga chiqishlari rejalashtirilgan. Bu haqida institutimizning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida albatta ma’lumot berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Institut matbuot xizmati

Manba: https://t.me/JizPI_online/18129