Muhtaram hamkasblar!

Aziz talaba-yoshlar!

Sizlarni yurtimizga qutlug‘ duolar ijobati bilan kirib kelayotgan muborak kun – Qurbon hayiti bayrami bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz. Alloh taoloning bemisl fazli ila butun dunyo musulmonlari qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham muqaddas ayyom kunlarini shod-xurramlik bilan nishonlamoqda. Shu aziz kunlarda xalqimizga, muqaddas dinimizga xos bo‘lgan shukronalik ila hayotimizdagi barcha ne’matlar uchun Yaratganga behisob minnatdorlik bildiramiz.

O‘ylaymanki, oliygohimiz ulkan jamoasi o‘z maqsad va vazifalariga sodiq qolgan holda, ushbu fursatda ilm olish, ilmiy izlanish, ixtirolar qilishdan to‘xtamaydilar. Ona Vatanimiz barchamizdan yaxshilikka intilishni, uni bardavom qilishni intiqib kutayotganini, undan ham ko‘ra Siz azizlardan turli sohalarni rivojlantirishda kuchli ishtiyoq bilan qilingan halol mehnatni, har jabhada yangi zamonaviy innovatsion taklif va yechimlar kutayotganini unutmang.

Alloh taolodan ona yurtimizning kelajagi buyuk va yorug‘, xalqimiz hayoti yanada farovon, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan barcha hayrli ishlar bardavom bo‘lishini so‘rab, duolar qilaylik.

Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

Institut rektori t.f.d,

professor A.Usmankulov

Manba: https://t.me/JizPI_rektori/429