21-oktabr O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun! 2021-yil 20-oktabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yilligi munosabati bilan Jizzax politexnika institutida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri Xanifa Xamdamova kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha tadbir qatnashchilarini o‘zbek tili bayrami bilan muborakbod etdi. So‘ngra “2021-yil Yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar Dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Eng yaxshi notiq”, “Eng yaxshi diktant”, “Eng yaxshi videorolik” va “Til bilimdoni” tanlovlarining institut bosqichida faol ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan talabalarni taqdirlash qismi bo‘lib o‘tdi. Unda g‘olib talabalarga diplom va estalik sovg‘alar topshirildi. Tadbir mavzusi doirasida o‘zbek tilining nufuzi baland ekanligi hamda uni yanada rivojlantirish muhim vazifamiz bo‘lishi kerakligi haqida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi O‘razali Norboyev “Ona tilim – e’zozli tilim” mavzusida ma’ruza qildi. Barchamizga ma’lumki, bu yil siyosiy yil hisoblanib, 24-oktabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan saylovga oid huquqiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Mavluda Xolbekova “Saylov – erkin tanlov manbaidir” mavzusida o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar tomonidan 21–oktabr O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘zbek tilining buyukligi, boyligi, betakrorligini tarannum etuvchi “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida tayyorlangan va Respublika tanloviga taqdim etilgan videochellenj tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. Tadbirning badiiy qismida institutning iqtidorli talabalari ishtirokida qo‘shiq va raqslar ijro etildi, intitutda tahsil olayotgan turli millat vakillaridan iborat talabalarning o‘zbek tilidagi she’rlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. Tadbir mavzusiga oid qiziqarli savollardan iborat bo‘lgan viktorina o‘yini esa talabalarni yanada faollikka chorladi hamda ushbu viktorinada faol qatnashgan talabalar badiiy kitoblar bilan taqdirlandi. O‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy kecha tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi va shu bilan birga, davlat tiliga oid ilmiy va saylovga oid huquqiy bilimlarini yanada oshirishga xizmat qildi.