Davlatimiz rahbari 2020-yili 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat organlari hamda tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv xodimlarining yangicha talablar asosida muntazam malakasini oshirib borish lozimligini ta’kidlagan edi. Xususan, ularni “mahallabay” va “fuqarobay” tizimi asosida samarali ishlashga o‘rgatish, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida doimiy xabardor qilib borish vazifasi ilgari surilgan. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatdagi tuman (shahar) hokim o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslaritashkil etilmoqda. Joriy yilning 24-may kunidan boshlab 5-kun muddat davomida Jizzax politexnika institutida tuman, shahar hokimlarining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari hamda investisiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislariga o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi.
Agentlik filiali tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar natijasida o‘rtabo‘g‘in rahbarlari va quyi bo‘g‘in xodimlari tomonidan aholi muammolarini hal etishda hamda vazifalar va turli darajadagi topshiriqlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni yuzaga keltirayotgan sabablarni bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. “Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi axborot asrida va globallashuv sharoitida egallangan bilimlar juda tez eskirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, davlat fuqarolik xizmatchilarining bilimi va malakasini doimiy ravishda oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda” – deydi Agentlik filiali rahbari o‘rinbosari B.Yaxshiboyev. Tashkil etilayotgan o‘quv kurlarida Davlat boshqaruvi akademiyasi, viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilari hamdahududiy davlat organlari va tashkilotlarining malakali amaliyotchi-mutaxassislari jalb etilib, tinglovchilarga davlat fuqarolik xizmatchilari uchun zarur bo‘lgan bilimlar berilmoqda. Tinglovchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari amaliy va nazariy jihatdan 5 ta modul asosida: qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, tayanch va sohaviy mutaxassislik bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatchisi axloqi va madaniyati, umumiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘quv-seminarlarga ajratilayotgan davlat byudjetidan sarf xarajatlarni minimallashtirgan holda endilikda o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlarni hududning o‘zida yetakchi oliy ta’lim muassasalarini jalb etgan holda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi malaka oshirish kurslari joriy yilning 4 iyunigacha barcha mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi quyi bo‘g‘in xodimlari uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yakunda tinglovchilardan test sinovi olinib, tegishli sertifikatlar berilishi nazarda tutilgan.