O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-sonli Farmonida davlat organlari va tashkilotlari davlat fuqarolik xizmatchilarining ishlab chiqarishdan ajralgan holda har yili qisqa muddatli (30 — 60 soatli) malaka oshirish kurslaridan o‘tishi lozimligi belgilangan. Shuningdek, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat organlari va tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘in xodimlarini “mahallabay” va “fuqarobay” ishlashga o‘rgatish, shuningdek, ularga respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning tub mazmun-mohiyatini yetkazish, sohalar yuzasidan tayanch bilim va boshqaruv ko‘nikmalarini takomillashtirish bo‘yicha malakasini oshirib borish borasida topshiriqlar bergan edi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan yuqoridagi Farmon va Murojaatnomadagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan davlat xizmatchilari, hususan mahalliy hokimliklar mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari tizimli ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Bu galgi malaka oshirish kurslari joriy yilning 31 mayidan boshlab 5 kun muddat davomida Jizzax politexnika institutida tuman (shahar) hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bosh mutaxassislari hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari uchun tashkil etildi. Agentlik filiali tomonidan o‘rta bo‘g‘in rahbarlari va quyi bo‘g‘in xodimlarining aholi muammolarini hal etishda hamda vazifalar va turli darajadagi topshiriqlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklari, ularni yuzaga keltirayotgan sabablar aniqlanib, natijalar tahlil qilingan holda malaka oshirish kurslari o‘quv dasturlaridagi mavzular shaklantirilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari, Tayanch va soxaviy mutaxassislik bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish, Davlat fuqarolik xizmatchisi axloqi va madaniyati hamda Umumiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi nazarda tutilgan.
Tashkil etilayotgan o‘quv kurlarida Davlat boshqaruvi akademiyasi, viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilari hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlarining malakali amaliyotchi-mutaxassislari jalb etilib, tinglovchilarga davlat fuqarolik xizmatchilari uchun zarur bo‘lgan bilimlar berilmoqda. Malaka oshirish kursi yakunida tinglovchilardan test sinovlari olinishi, va o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlaganlarga sertifikatlar berilishi rejalashtirilgan.