Joriy yilning 17-may kuni Jizzax davlat pedagogika institutida hududiy trenerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Seminar treningda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 4 nafar respublika trenerlari viloyatdagi 95 nafar shundan 52 nafari hududiy trenerlar, 8 nafari hududiy trenerlar zahirasi, 9 nafar hududiy shtab a’zolari 26 nafar shahar va tumanlardan mas’ullar ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 27-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi bilan Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv imzolandi.
Mazkur Kelishuv bo‘lib o‘tadigan saylov va saylovoldi jarayonlarni qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining ijtimoiy-siyosiy sohaga oid bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish, mamlakatimiz saylovchilari va saylov tashkilotchilarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash hamda ularda daxldorlik hissini yuksaltirish maqsadida ko‘p tomonlama manfaatli o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida imzolandi.
Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida joriy yilning aprel oyidan saylov komissiyalari a’zolari va saylov jarayonining boshqa tashkilotchilari uchun seminar-treninglar boshlandi.
Shundan kelib chiqqan holda, Jizzax viloyatida bugun boshlangan ikkinchi bosqichda cyeminar-trening mashg‘ulotlari 17-maydan 21-mayga qadar davom etadi.
Seminar-treninglardan ko‘zlangan maqsad - saylov jarayonining asosiy tashkilotchilari bo‘lgan saylov komissiyasi a’zolarining malakasini oshirishga jalb etilgan hududiy trenerlar, shuningdek ularga uslubiy ko‘maklashish va hududlarda malaka oshirish sifatini monitoring qilish bo‘yicha shakllantirilgan guruhlarning saylov qonunchiligi va jarayoni bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish hisoblanadi.
Trenerlar tomonidan saylov jarayonidagi mas’ul tashkilotchilarga mamlakatimizda Prezident saylovini o‘tkazish, uni saylov qonunchiligi va jahon standartlari asosida tashkil etish borasida zarur bilim va ko‘nikmalar berilmoqda.
Institut matbuot xizmati