Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxodjayev Toshkent va Sirdayo viloyatlarida bo‘lib, saylov komissiyalari a’zolarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan seminar-treninglardagi mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishdi.
Jizzax davlat pedagogika institutida davom etayotgan hududiy seminar-trening ishtirokchilari bilan 20 may kuni bo‘lgan ana shunday muloqot chog‘ida ham Prezident saylovini milliy saylov qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida belgilangan muhim vazifalarning ijrosi haqida so‘z bordi.
Prezident sayloviga nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham qiziqish katta, deb ta’kidladi Z.Nizamxodjayev. Chunki ilg‘or demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotgan Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning saylov huquqini amalda keng ta’minlashga qaratilgan ulkan o‘zgarishlarni jahon hamjamiyati doimiy qiziqish va hayrixohlik bilan kuzatib turibdi. Bunday buyuk o‘zgarishlar  saylov tashkilotchilari tomonidan bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda saylovni yuksak saviyada tashkil etishni taqozo qiladi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan va ijrosi jadal ta’minlanayotgan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi asosiy tadbirlar dasturida bu yo‘nalishdagi eng muhim vazifalar belgilangan. Saylov komissiyalari a’zolari va tashkilotchilarining saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimini oshirish va ko‘nikmalarini tizimli ravishda mustahkamlash ana shunday yuksak vazifalardan. Saylovni o‘tkazish aynan ana shu bo‘g‘in tashkilotchilaridan puxta bilim va katta mas’uliyat talab etadi, deb qayd etdi Markaziy saylov komissiyasi Raisi o‘z nutqida. Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgaritishlardan yaxshi xabardor bo‘lsa, axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olsa, Prezident saylovining muvaffaqiyati shunchalik to‘kis ta’minlanadi. Saylovchilar uchun ham, kuzatuvchilar uchun ham – barcha uchun qulay sharoit yaratiladi. Jizzax viloyatida davom etayotgan hududiy seminar-treninglarda hozirgicha jami 94 nafar tinglovchi mashg‘ulotlarda fol ishtirok etib, yakuniy testlarni muvaffaqiyatli topshirdi.
MSK Raisi, shuningdek, Jizzax viloyatidagi na’munali jihozlangan ayrim saylov uchastkalarini borib ko‘rdi. Ularda saylovchilar, uchastka saylov komissiyalari a’zolari va kuzatuvchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Hududlarda 17 may kuni boshlangan va 29 maygacha davom etadigan seminar-treninglarda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 56 nafar respublika treneri viloyatlardagi 936 nafar hududiy trener va 346 nafar saylov tashkilotchisi uchun mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
Tayyorlangan hududiy trenerlar esa keyin tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun-sentyabr oylarida uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 32 mingdan ortiq nomzod uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi.