Joriy yilning 22-23-dekabr kunlari “Milliy kinematografiya – Yangi O'zbekiston timsoli” kino oyligi munosabati bilan tashkil etilgan "Kino karvoni" aksiyasi Jizzax viloyatida bo'lib turibdi. Bugun, 23-dekabr kuni taniqli kinoijodkorlardan iborat anʼanaviy kinokarvon Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdi. Tadbirda institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Sanobar Eshbekova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan aktyor Alisher Otaboyev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan aktrisa Elmira Rayimjonova, kinoaktyor Begzod Mahkamov, postanovkachi rejissyor Xasan Alijonov, viloyat kinomatografiya bo'limi boshlig'i Ravshan Yuldoshev, professor-o'qituvchilar, tyutorlar, institut talaba-yoshlari hamda institut qoshidagi akademik litsey o'quvchilari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida "Hayot afsuni" filmi namoyish etildi. Shundan so'ng, tadbirni institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori S.Eshbekova ochib, so'zni mehmonlarga berdi. Tadbirda so‘zga chiqqan kinoijodkorlar so‘nggi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e'tibor, erishilayotgan yutuqlar, tomoshabinlar e'tiborini qozonayotgan kino asarlar hamda kinoijodkorlar ijodiy faoliyati haqida ma'lumot berdilar. Ochiq muloqot asosida o'tgan uchrashuvda talaba-yoshlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.