...

14 Okt

JizPI professor-o'qituvchilari joriy haftadagi anjumanlarda faol ishtirok etdilar.

 

Ma’lumki, institutimiz professor-o’qituvchilari mamalakatimizdagi hamda xalqaro miqyosdagi tanlovlarda, konferensiyalarda va anjumanlarda doimiy ravishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Joriy haftada bo’lib o’tgan anjumanlarda ham institutimiz jamaosi vakillari munosib ishtirok etdilar.

2022-yil 14-oktyabr kuni Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida “Kompyuter ilmlari va muhandislik texnologiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnik anjumani bo’lib o’tdi.

Kunning ikkinchi yarmida anjuman oʻz ishini quyidagi shoʻbalarda davom ettirdi:

– Axborot xavfsizligi;

– Raqamli iqtisodiyot uchun infratuzilmalar;

– Sun’iy intellekt;

– Raqamli transformatsiya;

– Texnologiyalar va barqaror rivojlanish;

– Axborot texnologiyalari sohasi uchun kadrlar.

Ushbu shoʻbalar yigʻilishlarida respublikamiz OTMlaridan tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar hamda xorijiy professor-oʻqituvchilar onlayn tarzda oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Аnjumanning maqsadi:

– muhandislik texnologiyalari va dasturiy taʼminotlarini yaratishning ilmiy asoslarini takomillashtirish va ularni murakkab tizimlarni boshqarishda hamda ilmiy tadqiqot jarayonlarida joriy qilish, globallashuv sharoitida davlatimizni yanada barqaror va jadal surʼatlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va roʼyobga chiqarish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yaxshilash, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish boʼyicha mavjud yuqori salohiyatli ilmiy maktablar anʼanalari hamda ilgʼor fundamental va amaliy tadqiqotlarning natijalari bilan tanishish; sohada olib borilayotgan izlanishlar natijasini tijoratlashtirishga yoʼnaltirish, sohalardagi muhim masalalarni muhokama etishdan iborat.

Аnjumanning vazifalari:

• zamonaviy muhandislik texnologiyalari va dasturiy taʼminotlar yaratishning amaliy masalalari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning hozirgi holatini tahlil qilish;

• hisoblash mashinalari, majmualari va kompьyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy taʼminoti sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlar natijalarini muvofiqlashtirish;

• tizimli tahlil, boshqaruv, sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya boʼyicha dolzarb muammolarni yechishda ilmiy asoslangan takliflar berish;

• axborot xavfsizligi masalalari boʼyicha ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʼnalishlarini aniqlash;

• muhandislik texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot sohasida barqaror rivojlanishga koʼmaklashish;

• axborot-kommunikatsiya tarmoqlari uchun malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash istiqbollarini belgilash.

Joriy yilning 14-oktyabr kuni Qarshi davlat universitetida “Kondensirlangan muhit fizikasining rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston va Respublikamizdagi SamDU, O‘zMU, TDTU, BuxDU, O‘zRFA Astronomiya instituti, JDPU, JizPI va QQDU kabi qator oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tekshirish institutlaridan yetuk olimlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, anjumanning yalpi majlisida O‘zR VM huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i prof. U.Toshkenboyev, O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, prof. Sh.Nematovlar ham ZOOM platformasi orqali ishtirok etdilar. Yalpi majlis va seksiya yig‘ilishlarida qilingan ilmiy ma’ruzalar qizg‘in bahs va munozalarga boy bo‘ldi.

Bugungi global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida Kondensirlangan muhitlar fizikasi sohasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot natijalari, ularning rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida masalalar atroflicha muhokama qilindi va natijalari asosida sohada qilinadigan galdagi vazifalar to‘g‘risida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Bu kabi anjumanlarning tashkil etilishi ilm fan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish bilan birga yosh tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar uchun faol muhokama va sinov maydoni vazifasini bajaradi.

O‘zR Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazishda mezbon sifatida Qarshi davlat universiteti belgilanishi bejizga emas. So‘nggi yillarda alohida Fizika fakulteti va yangi kafedralar tashkil etilishi, Mikro va nanotexnologiyalar ilmiy laboratoriyasinining hamda Fizika sohasida ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi, fizika sohasida dunyoning yetakchi OTMlari bilan ilmiy hamkorlikning kuchayishi universitet fizik olimlarining ilmiy salohiyati va nufuzi oshib borayotganligidan darak beradi.

Bosh maqsadi Kondensirlangan muhit fizikasi sohasidagi ilg‘or tajriba va bilim almashishdan iborat bo‘lgan bu konferensiya mamlakatimizda Kondensirlangan muhit fizikasi sohasi bo‘yicha olib yuborilayotgan tadqiqotlar rivojiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shishi shubhasiz.