...

19 Iyn

Xalqaro kimyo olimpiadasi sovrindori bilan uchrashuv

Ma’lumki, 11-17-iyun kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ilk marotaba Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi Xiva shahrida tashkil etildi.

Ushbu nufuzli olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Jizzax politexnika instituti akademik litseyi 2-bosqich o‘quvchisi Muqaddas Ismoilova ushbu olimpiadada kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Bugun 19-iyun kuni Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov Muqaddas Ismoilovani taqdirladi.

Tadbirda institut rektori A.Usmankulov, о‘quv ishlari bо‘yicha prorektor G‘.Egamnazarov, akademik litsey ijrochi direktori M.G‘oziyeva, akademik litsey o‘qituvchi-xodimlari va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Institut rektori A.Usmankulov O‘zbekistonda ilk bora Xiva shahrida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Vetnam, Jazoir, Braziliya, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Oman sultonligi, Gruziya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 160 ga yaqin o‘quvchilar orasida JizPI akademik litseyi o‘quvchisining munosib ishtiroki va kumush medal sovrindori bo‘lishi quvonarli natija ekanligini alohida ta’kidladi.

Shu o‘rinda kimyo fani o‘qituvchisi Farhod G‘aybullayevning shogirdlari nafaqat viloyat fan olimpiadalarida, balki xalqaro fan olimpiadalarda ham ajoyib natijaga ega bo‘lganini qayd etdi.

Rektor Ismoilova Muqaddasni va ustozlarini  ushbu olimpiadada erishgan yutug‘i bilan tabriklab, tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.

Tadbir davomida akademik litseyning kafedra mudirlari V.Ibragimov, F.Xolboyeva, L.Egamqulov va O.Kamolovlar ham o‘zlarining iliq fikrlari hamda tilaklarini bildirishdi.