2021-yil 3-noyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo'yicha oʻrinbosari Yusuf Absoatov va Jizzax viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Furqat Jo'raqulov Jizzax politexnika institutiga tashrif buyurdi. Tashrif chog'ida ularga institut rektori Alisher Usmankulov, institutning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Sanobar Eshbekova hamda institutning moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektori Shuxrat Alikabulov hamrohlik qildi. Tashrif avvalida vazir o'rinbosari, hokim o'rinbosari hamda institut rektori tomonidan talabalar turar joyida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, talabalar turar-joyi va institut binolarining kuz va qish mavsumiga tayyorgarlik holati, institut hududidagi tadbirkorlar foydalanayotgan obyektlarning texnik holati hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo'yicha zarur xavfsizlik qoidalariga rioya qilinish holati o'rganildi. Tashrif davomida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-noyabrdagi 664-F sonli farmoyishiga asosan Respublika oliy taʼlim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, talabalarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, oshxona va bufetlarning faoliyati, ijaraga berilgan bino va inshootlar umumiy holatining belgilangan talablarga muvofiqligini oʼrganish maqsadida tuzilgan ishchi guruh vakillari bilan uchrashib, bino va inshootlar umumiy holatining belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan oʼtkazilgan oʼrganishlarning dastlabki natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, institutdagi barcha talabalar oshxonalari hamda institutda tashkil etilgan IT Parkdagi sharoitlar o'rganildi. Institut rektori A.Usmankulov tomonidan qurilish ishlari davom etayotgan yangi maruzalar zali, rejalar bilan tanishtirildi. Vazir o'rinbosari talabalarga yaratilgan sharoitlar borasida talabalarning fikri bilan qiziqdi. Ular tomonidan fikr-mulohazalar hamda takliflari bildirildi. Tashrif davomi etmoqda.