...

05 Noy

Sharof Rashidov tavalludining 105 yilligi munosabati bilan bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Shu kunlarda o‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi va benazir inson Sharof Rashidov tavalludining 105 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Jizzax shahri markazidagi Sharof Rashidov haykali o‘rnatilgan hiyobonda tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqdi.

Viloyat hokimi o‘z nutqida, “Davlatimiz rahbarining Jizzax shahrida Sharof Rashidov tavalludining 100 yillik tantanali marosimda so‘zlagan nutqidagi quyidagi so‘zlar xalqimizning dilidagi gaplar bo‘ldi: “Ko‘p millatli xalqimiz bu ulug‘ insonning aziz nomini yod etib, uning o‘lmas xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom bajo keltirmoqda. Sharof Rashidov o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq-yaqin o‘lkalarda ham katta obro‘-e’tibor qozongan edi. Bu ulug‘ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi. Umrining so‘nggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash o‘zbek dehqonlari orasida bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz” deb aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy vatanparvar rahbar edi. U kishi bir umr o‘zi kabi sodda va kamtarin odamlarga yelkadosh bo‘lib, ularning dardu tashvishlari bilan yashadi.

Ularga xizmat qilishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bildi.

Sharof Rashidovning xotirasiga hurmat bajo keltirildi hamda tadbir munosabati bilan viloyat hokimligi Anjumanlar saroyida konsert dasturi o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlarda Jizzax politexnika instituti jamoasi ham munosib ishtirok etdi.