...

16 Avg

“ARMY—2022” VIII xalqaro armiya o‘yinlari

“Forish” poligonida “ARMY—2022” VIII xalqaro armiya o‘yinlari musobaqalariga start berildi.

Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida “ARMY—2022” VIII xalqaro armiya o‘yinlarining O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz muhit” va “Dala oshxonasi” musobaqalariga kecha, 15-avgust kuni start berildi.

Vazirlik tomonidan respublika OAV vakillari uchun “Forish” poligonida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Shuningdek, xalqaro armiya o‘yinlari hakamlari ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etilib, unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga spikerlardan to‘liq ma’lumotlar oldilar.

Shundan so‘ng OAV vakillari poligonda musobaqa ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, “Dala oshxonasi” musobaqasi o‘tkaziladigan hududda bo‘lib, turli davlatlardan kelgan harbiy oshpazlarning mahoratlarini kuzatdi.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining ko‘rgazmali defilesi, taniqli badiiy jamoalar va san’atkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi hamda turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlar namoyish qilindi. Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlarni ijro etdi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari bu yil mazkur VIII xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yoʻnalishida ishtirok etyapti. 34 ta yoʻnalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa o‘zaro bellashishadi.

Jizzax viloyati hokimining 01-1537-sonli xatiga ko‘ra, ushbu ochilish marosimida Jizzax politexnika instituti professor-o’qituvchilari, xodimlari va talaba-yoshlaridan iborat jamoasi ham faol ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil xalqaro armiya o‘yinlarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi o‘zaro kuch sinashgan bo‘lib, unda mamlakatimiz jamoalari 24 yoʻnalishda ishtirok etgan. Umumiy natijalarga ko‘ra mamlakatimiz jamoalari 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan, shuningdek, jami 37 ta rekord natijadan 10 tasini yurtimiz harbiy xizmatchilari yangilagan edi.