...

23 Noy

“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jizzax viloyati Davlat xavfsizlik xizmati bo‘lim boshlig‘i A.Ibrohimov, Jizzax viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi M.Xamidov, Respublika Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i M.Abduraxmanova, Jizzax viloyat hokimiyati Jamoatchilik bilan aloqalar kotibiyati mudiri N.Raimov, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish bo‘yicha rektor maslahatchisi D.Xamroqulov, Kimyoviy texnologiya fakulteti dekani N.Tangyarikov, institut psixologi O.Rajabov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, Ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi B.Rashidova, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini O.Qosimov, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda Kimyoviy texnologiya fakulteti, 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi, Turin politexnika universiteti qo‘shma ta’lim dasturi talabalari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova ochib berdi. S.Eshbekova o‘z so‘zida bunday tadbirlarning ahamiyati haqida batafsil to’xtalib o’tdi. Shuningdek, bugungi kunda yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi mafkuraviy tahdidlar va ularning oldini olish masalalari haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Jizzax viloyat hokimiyati Jamoatchilik bilan aloqalar kotibiyati mudiri N.Raimov so‘zga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirdi:

– «Bizga ma’lumki, ma’naviyat va ma’rifat jamiyat taraqqiyoti, millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanadi, chunki ma’naviyat va ma’rifat jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni vujudga keltiradi, ma’rifatli, bilimli, ziyoli insonlar bor yerda mamlakat taraqqiy etadi, millatlararo birdamlik va totuvlik yuzaga keladi. Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning turli joylarida iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasidagi chuqur o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.», – dedi N.Raimov.

Navbatda Jizzax viloyati Davlat xavfsizlik xizmati bo‘lim boshlig‘i A.Ibrohimov so‘zga chiqib, kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirdi:

– «Bugungi kunda dunyo miqyosida vujudga kelayotgan yangi tahdid va xavflar jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor qaratish kabi masalalarni dolzarb masalaga aylantirmoqda. Millatimiz va xalqimiz mentalitetini o‘zida namoyon etuvchi buyuk tariximiz, ma’naviyatimizni asrash – xalqimiz taqdiri va kelajagi, hayot-mamotimiz ekanligini anglash muhim vazifadir.», – dedi  A.Ibrohimov.

Tadbirda so’zga chiqqan Jizzax viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi M.Xamidov va Respublika Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i M.Abduraxmanovalar ham mavzu yuzasidan talaba-yoshlarga muhim ma’lumotlar berishdi.

Tadbir davomida talabalarning savollariga soha mutaxasislari tomonidan batafsil javob berildi. Talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Shundan so‘ng psixotrop moddalar qabul qilishning zararlariga hamda jaholatning jamiyatdagi halokatli ta’siriga doir “Jar yoqasida” hamda “Soxta da’volar” nomli roliklar namoyish etildi. Tadbir barcha talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.