Bugun, 19-iyun kuni Jizzax politexnika instituti “Arxitektura va qurilish” fakulteti tashabbusi bilan institut madaniyat saroyida “Deputat va yoshlar” uchrashuvi tashkil qilindi.
Tadbirga Xalq Deputatlari Jizzax shahar Kengashi Deputati, mahalliy byudjetni shakllantirish doimiy komissiyasi raisi A.Xujakov, Xalq Deputatlari Jizzax shahar Kengashi Deputati hamda “Qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish” doimiy komissiyasi raisi B.T.Zulfiqorov, “Kafolatlangan Muvaffaqiyat Instituti” NTM asoschisi va rahbari Sh.T.Suyundiqov hamda Jizzax shahar hokimining Yoshlar masalalari bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari S.Q.Silliyevlar tashrif buyurdi.
Tadbir davomida hozirgi paytda yoshlarga qaratilgan e’tibor, ularga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar juda katta ekanligi va bu imkoniyatlardan o‘z vaqtida va unumli foydalanish kerakligi haqida qimmatli fikrlar aytib o‘tildi. So‘zga chiqqanlar har bir inson shunday obod va ozod Vatanda yashayotganligini, tinchligimizning qadriga yetishimiz lozimligi, har bir voqea-hodisaga befarq bo‘lmasligimiz fuqarolik burchimiz ekanligini chin yurakdan his qilgan holda faoliyat yuritishimiz lozimligi haqida gapirdilar. Uchrashuv davomida institutning bir qator professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari Xalq Deputatlari Jizzax shahar Kengashining tashakkurnomalari va sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Uchrashuv so'ngida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutassadilar tomonidan atroflicha javoblar olishdi. Tadbir savol – javoblarga boy tarzda, qiziqarli va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Talabalar bunday tadbirlar ko‘proq bo‘lishi kerakligi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.