...

20 Fev

O'zbekistonda 20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkaziladi

Shu yilning 20-28-fevral kunlari mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yoshlar ishlari agentligi, prokuratura, adliya, Ombudsmanning hududiy vakillari va sudlar hamkorligida “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkaziladi. Mazkur huquqiy tadbir prezidentimizning 2023-yil 7-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda.

Qayd etilishicha, haftalik doirasida barcha mahallalarda “Sudya va yoshlar” targ‘ibot uchrashuvlari, ta’lim muassasalarida esa “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida ma’rifat hamda axborot soatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yuqoridagi qaror bilan ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi” hamda dasturni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Oliy Majlis palatalari Milliy ta’lim dasturi va “Yo‘l xaritasi”ning ijrosini tanqidiy muhokama qilib boradi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab aniq ro‘yxati shakllantirilgan professional va oliy ta’lim tashkilotlarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi.

Qolaversa, 1-iyundan boshlab “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida esa o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi. Shu bilan birga, 1-aprelga qadar ushbu yo‘nalishlarda turkum qo‘llanma va risolalar tayyorlanib, chop etiladi.