Prezident topshirig‘iga ko‘ra hududlardagi professional ta’lim muassasalari faoliyati o‘rganilmoqda Davlatimiz rahbari huzurida aholini kasb-hunarga o‘qitish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida vazir va o‘rinbosarlar boshchiligidagi mas’ullar tomonidan bugundan boshlab hududlardagi professional ta’lim muassasalari faoliyati tahliliy o‘rganilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov boshchiligidagi ishchi guruhning ilk manzili Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi bo‘ldi. Dastlab, maktabning mavjud shart-sharoitlari ko‘zdan kechirilib, muassasa jamoasi bilan ochiq muloqot qilindi. Vazir jamoaning kasb-hunar maktabida yaratilgan sharoitlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi. Kuni kecha Prezident tomonidan berilgan vazifalarga to‘xtalib, bu professional ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish uchun berilgan katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. – Bugun siz tomondan bildiriladigan har bir fikr, taklif tinglanadi hamda ular shu ta’lim dargohi rivoji uchun xizmat qilmog‘i lozim. Shunday ekan, o‘z takliflaringizni bildirib, shu tizim va dargoh kelajagiga munosib hissa qo‘shishda faol bo‘ling, – dedi vazir. Mas’ullarga kasb-hunar maktabining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish, uning faoliyati samaradorligini oshirish, jumladan qo‘shimcha daromad manbalarini topish borasida tavsiyalar berildi. Bunda, albatta o‘quvchilarni ish bilan ta’minlash asosiy maqsadlardan biri bo‘lishi kerakligi alohida qayd etildi. Shundan so‘ng, Sharof Rashidov politexnika texnikumi faoliyati, yaratilgan sharoitlar, o‘quv binolar holati va talabalar kasb-hunar o‘rganish darajasi bilan yaqindan tanishildi. Bugungi kunda texnikumda jami 361 nafar o‘quvchi-yoshlar 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar egallamoqda. Ularga 35 nafar (shundan, 1 nafar – yetakchi 5 nafar – katta, 29 nafar – oliy ma’lumotli) pedagog o‘qituvchilar tahsil berib kelmoqda. O‘quvchi-yoshlarning amaliyot o‘tash jarayonlarini kuzatgan vazir ular bilan samimiy suhbatlashdi. Yoshlar vazirdan yirik sanoat korxonalari mutaxassislari kelib, ko‘proq master-klasslar o‘tkazishlarini so‘rashdi. Bu ular uchun ham motivasiya, ham katta amaliyot bo‘lishini aytishdi. O‘quvchilarning amaliyot o‘tashlari uchun zarur materiallar, xususan, tikuv mashinalarini sotib olishda yordam berilishi ta’kidlandi. Shu o‘rinda, vazir yoshlarga zarur tavsiyalar berdi. Mas’ullar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda avval tumanda qaysi sohalarga ehtiyoj mavjudligini o‘rganib, shu asosida aniq ish o‘rinlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi. Bu tizimni rivojlantirish borasida Prezidentimiz tomonidan aniq vazifalar belgilab berildi. Shunday ekan, 2022 yil biz uchun professional ta’lim yili bo‘ladi, – dedi A.Toshqulov. Mas’ullar bilan suhbat so‘ngida texnikum faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.