Jizzax politexnika instituti hamda “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazining Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi” tomonidan “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘rovonliklarning psixologik profilaktikasi” hamda “Ayollar huquqlari va gender tenglik” mavzularida seminar o‘tkazildi.
Seminarda “Ayollar huquqlari va gender tenglik” mavzusida Erkin Murodov(Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazining Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi huquqshunosi), "Ogohlik – davr talabi" mavzusida Sherzod Alimov(Jizzax shahar, toqchilik mahallasi profilaktika inspektori, mayyor), "Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘rovonliklarning psixologik profilaktikasi" mavzusida Lola Esonova(Jizzax viloyati Kelajak – iqtidor maskani psixologik markazi psixologi) so'zga chiqdilar.
Ma’ruzachilar tomonidan “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi hamda “Ayollar huquqlari va gender tenglik” mavzusida slaydlar orqali ma’ruza qilindi.
Ta’kidlanganidek bugungi kunda xotin-qizlarni siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy faolligini oshirish, ularni kamsitishning barcha shakliga barham berish, gender tenglikni ta’minlash, ayollarga nisbatan shunchaki, adolatli munosabat sifatida emas, balki mamlakatning iqtisodiy o‘sishini davom ettirish, barqarorligi va har tomonlama rivojlanishini ta’minlashning asosiy shartlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilishi, aynan shu sababli, bu yo‘nalishdagi ishlar, eng avvalo, jinslar tengligi huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilganligi haqida gapirib o‘tildi.
Tadbir davomida psixolog Lola Esonova tomonidan hozirgi kunda, ayniqsa talabalik davrida har qanday insonlarda stress holati bo‘lishi, buni oldini olish uchun o‘zining ruhiy holatini yaxshilashga harakat qilishi zarurligi, o‘zini anglash va qalbni ochish haqida gapirildi va bir qancha ruhiy holatni tetiklovchi mashqlar o‘tkazildi. Seminar so'nggida ishtirokchilardan tushgan savollarga batafsil javob berildi.