Jizzax Politexnika Instituti Yangi-Sayti hozircha test holatda ishlayabdi
Img
24.10.2024

Talaba-yoshlarga saylov qonunchiligining mazmuni, aralash saylov tizimining oʻziga xos jihatlarini tushuntirish maqsadida navbatdagi tadbir tashkil etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 10-oktabrdagi 3/15-4/1-8839-son xatida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 27-sentyabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosarining saylov qonunchiligi targʻiboti borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti toʻgʻrisida”gi 1388-son qarorining 4-bandida belgilangan vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida institutda tahsil oluvchi talabalar uchun saylov qonunchiligining mazmuni, ayniqsa, aralash saylov tizimining oʻziga xos jihatlarini tushuntirishga doir seminar va davra suhbatlari “Maʼrifat darslari”da tashkil etish vazifasi belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida navbatdagi tadbir tashkil etildi. Tadbirda Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi M.Xolbekova soʻzga chiqib, saylov qonunchiligining mazmuni, ayniqsa, aralash saylov tizimining oʻziga xos jihatlarini tushuntirdi. Maʼlumot uchun, aralash saylov tizimi oʻzida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uygʻunlashtirgan. Unda vakillik organidagi deputatlik oʻrinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiya roʻyxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga koʻra taqsimlanadi. Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil oktyabrda rejalashtirilgan saylovi ham aynan aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Bunda Qonunchilik palatasining 75 deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 deputat siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati boʻyicha saylanadi. Majoritar saylov tizimi boʻyicha siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan, jami 75 ta deputatlikka nomzodni koʻrsatish huquqiga ega. Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning roʻyxatiga kamida 75, koʻpi bilan 100 nafar nomzod kiritilishi lozim. Saylov kodeksi talablariga muvofiq, partiya roʻyxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning aʼzolari yoki partiyasiz boʻlishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning aʼzolari ushbu roʻyxatga kiritilishi mumkin emas. Ayni bir nomzod faqat bitta partiya roʻyxatiga kiritiladi. Bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻrsatilgan nomzodlar ham partiya roʻyxatiga kiritilishi mumkin emas. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, shuningdek, partiya roʻyxati asosida siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini (avval bu miqdor oʻttiz foiz edi) tashkil etishi kerak. Bunda partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi boʻyicha saylov oʻtkazilishi munosabati bilan har bir saylovchiga saylov kuni majoritar saylov tizimi boʻyicha bitta, proporsional saylov tizimi boʻyicha ham bitta, jami ikkita saylov byulleteni beriladi. Bu yerda quyidagilarga alohida eʼtibor berish lozim: — majoritar saylov tizimida: bir mandatli saylov okruglari boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda saylov byulleteniga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlarning ism-sharifi kiritilgan boʻladi; — proporsional saylov tizimida: Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda saylov byulleteniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi kiritiladi. Saylov byulletenini toʻldirishda saylovchi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etadi, shu tariqa oʻzi maʼqul deb topgan deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz beradi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3