11-fevral – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida haftalik boshlandi. BMT Bosh Assambleyasi 2013-yil 20-dekabrda “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risida rezolyusiya qabul qildi. Hujjatda ushbu sohada gender tenglikni ta’minlash kafolati sifatida istalgan yoshdagi ayollar va qizlarning fan, texnika va innovatsiyalar yutuqlari rivojidan teng va to‘laqonli foydalanish imkoniyati e’tirof etildi. Oradan ikki yil o‘tgach, BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi yalpi majlisida 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida e’lon qilindi. Ushbu sana har yili mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. Joriy yilda Vazirlar Mahkamasining 2025- yil 3-fevraldagi tegishli bayoniga muvofiq, 10-15-fevral kunlari “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida haftalik tashkil qilinadi. Haftalikda olima ayollar va ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi, talaba va o‘quvchi qizlar ishtirokida ta’lim muassasalari hamda mahallalarda ilmiy-amaliy anjumanlar, xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi. 11-fevral – “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan Jizzax politexnika instituti Sanoat texnologiyalari fakultetida “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda institutning Yoshlar masalalari ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi N.Gulbayeva, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, fakultet tyutorlari hamda talaba-qizlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan va yaratilayotgan imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanish, gender tengligi, hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, bugungi kunda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi rolini oshirish, manfaatlarini, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan huquqiy hujjatlar, ijtimoiy imtiyozlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda texnika va texnoligiyadagi yangi innovatsiyalar, muammo va yechimlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tadbir qiziqarli savol-javoblar hamda munozaralarga boy tarzda o‘tdi.