Jizzax Politexnika Instituti Yangi-Sayti hozircha test holatda ishlayabdi
Img
17.02.2025

“Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi”

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 29-yanvardagi 01/15-243-sonli xati ijrosi yuzasidan Jizzax politexnika institutida Milliy qadriyatlar oyligi doirasida “Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Har bir xalqning o‘ziga xos anʼanalari, urf-odatlari, tili, madaniyati va tarixi bor. Aynan shu qadriyatlar millatning ajralmas qismi bo‘lib, uning ruhiy boyligi va maʼnaviy yuksalishining asosini tashkil etadi. Milliy qadriyatlar – bu nafaqat o‘tgan ajdodlarimizdan qolgan meros, balki kelajak avlodga yetkazilishi lozim bo‘lgan muqaddas boylikdir. Ular bizni kimligimizni anglashga, milliy o‘zligimizni saqlashga va taraqqiyot sari yetaklashga xizmat qiladi. Ota-onaga hurmat, ustozga ehtirom, mehmondo‘stlik, mehr-oqibat, halollik va vatanparvarlik kabi fazilatlar bizning qadriyatlarimizning negizini tashkil etadi. Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan milliy qadriyatlarmiz, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz hamda turmush tarzimizni o‘zida aks etgan quyidagi badiiy chiqishlar qilindi. Jumladan, - Qurilish muhandisligi fakulteti iqtidorli talabalari ijrosida “Bobo va nabira” sahna ko‘rinishi ijro etildi; - Institut “Talabalar teatr studiyasi” a’zolari tomonidan “Chimildiq” milliy spektakli namoyishi tashkil etildi; - Transport muhandisligi fakultetining iqtidorli talabalari ijrosida “Xalq laparlari” qo‘shig‘i ijro etildi; - Kibersport fakulteti 541-24 KI guruhi talabasi Anvarova Lola Doniyor qizi ijrosida “Dutor bayoti” musiqasi ijro etildi; - Sanoat texnologiyalari fakulteti talaba-qizlari tomonidan “Milliy liboslar” ko‘rgazmasi tashkil etildi; - Kimyo muhandisligi fakulteti iqtidorli talabalari ijrosida “Milliy raqslar” chiqishi qilindi. “Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining ko‘zgusi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir talaba-yoshlar uchun muhim taassurot qoldirdi va ularning milliy merosga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Bunday tadbirlar yosh avlodda vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrab-avaylash hissini mustahkamlashga xizmat qiladi. Milliy madaniyat, an’analar va urf-odatlarga asoslangan ma’naviy tarbiya yoshlarning har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib shakllanishiga yordam beradi. Shu bois, bunday tadbirlarni doimiy ravishda tashkil etish hamda ularni yanada kengroq miqyosda o‘tkazish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Milliy qadriyatlar har bir millatning maʼnaviy boyligi, o‘zligini ifodalovchi asosiy mezon hisoblanadi. Ular ajdodlardan avlodlarga yetkaziladigan bebaho meros bo‘lib, jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Bugungi tadbir davomida milliy qadriyatlarning ahamiyati, ularni asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazish zarurligi haqida fikr yuritildi. Maʼnaviy merosimizni qadrlash va uni zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish millat sifatida yanada rivojlanishimizga xizmat qiladi. Tadbirning badiiy qismida Sharq yulduzlari ansambili tomonidan chiqishlar tashkil qilindi. Milliy qadriyatlarimizni saqlash, ularni kundalik hayotimizda targ‘ib qilish va kelajak avlodlarga munosib yetkazish barchamizning burchimizdir. Zero, o‘z qadriyatlarini asragan millat hech qachon yo‘qolmaydi, balki yanada mustahkam bo‘ladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3