Qo‘qonda oliy ta’lim muassasalarining birinchi prorektorlari uchun navbatdagi respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan Qo‘qon universitetida 23–25-avgust kunlari “Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, respublikamizdagi 200 ga yaqin davlat, xorijiy va xususiy oliy ta’lim muassasalari birinchi prorektorlari hamda hamkor tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Anjuman yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar hozirda yoshlar masalalari qay darajada dolzarbligi, ushbu o‘quv-seminar esa yoshlar muammolarini ijobiy hal qilish hamda oliygohlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada samarali tashkil etishga poydevor yaratishini ta’kidlashdi. O‘quv-seminar soha mutaxassislarining muhim mavzulardagi ma’ruzalari bilan davom etmoqda.