O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun qadimiy va navqiron Buxoro shahriga ikki kunlik sayohat tashkil etildi. Sayohat ishtirokchilari qadimiy Buxoroning yetti piri Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Muhammad Orif ar-Revgari, Xo‘ja Maxmud Anjir Fag‘naviy, Xo‘ja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Bobo Samosiy, Xo‘ja Sayid Amir Kulol Buxoriy hamda Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohlarini ziyorat qilishdi. Shuningdek sayohat davomida Sitorai Mohi Xosa, Ark, Chashmai–Ayub, Somoniylar maqbarasi, hamda Poyi Kalon, Labi hovuz majmualari va boshqa ko‘plab diqqatga sazovor joylar bilan tanishdilar. Buxoro –Naqshbandiya tariqati yettita buyuk so‘fiylarining vatanidir. Tasavvufning buyuk vakillari bu yerda yashab, diniy va ijtimoiy faoliyat olib borib, muborak Buxoroning vujudga kelishi va gullab-yashnashi, maʼnaviy tarbiya va hissiy ruhni yuksaltirishga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bu yerda muqaddas so‘fiylarning dafn etilgan joylari – pirlar, Islomiy ziyoratgohlar saqlanib qolgan. Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar bilan tanishuv barchada katta taassurot qoldirdi desak aslo adashmagan bo‘lamiz.