Jizzax Politexnika Instituti Yangi-Sayti hozircha test holatda ishlayabdi
Img
09.09.2024

“Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri

Joriy yilning 9-sentabr kuni Jizzax politexnika institutida «Bilimlar kuni» hamda O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut ma’muriyati, professor-o‘qituvchilar, korxona va tashkilotlardagi rahbar, mutaxassislar, talaba-yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Ma’lumot uchun, hozirgi kunda institutda 6 ta fakultet va ularda 24 ta kafedra hamda 20 dan ortiq bo‘limlar mavjud bo‘lib, jumladan, 32 ta kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, 21 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlari, 20 ta magistratura mutaxassisliklari, shuningdek, 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Institutda jami 10400 nafar talabalar bo‘lib, yangi o‘quv yilida 1455 nafar kunduzgi, 840 nafar sirtqi bakalavr hamda 82 nafar magistrlar o‘qishga tavsiya etildi. Institut qoshida 2 ta texnikum, 1 ta akademik litsey tashkil etilgan. Tadbir avvalida institut rektori, texnika fanlari doktori, professor A. Usmankulov Mustaqilligimizning 33 yilligi va “Bilimlar kuni” munosabati bilan nutq so‘zladi. Institut rektori barcha tadbir ishtirokchilari, professor-o‘qituvchilar hamda o‘z iqtidori, ilmi, ijodiy izlanishi bilan institut faoliyatida ishtirok etayotgan yigit-qizlarni bayram bilan tabriklab, o‘zining samimiy tilaklarini yo‘lladi. Shuningdek, rektor o‘z so‘zida yurtimiz yurtimizdagi hamda institutdagi yangiliklar, erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berib, institutimizning barcha talaba-yoshlariga murojaat qildi. “Qadrli o‘g‘il-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda ko‘ramiz. Kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib, turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz. Yana bir bor barcha ishtirokchilarni bugungi yangi o‘quv yilining “Ilk kuni” bilan samimiy qutlayman. Yurtimiz tinch osmonimiz musaffo bo‘lsin”, – dedi rektor. Shundan so‘ng, institut rektori bir qator professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarni taqdirladi. Taqdirlash marosimi yakunlangach so‘z navbati institut faxriy o‘qituvchilariga hamda yuqori ball to‘plab, talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan talabalar va ularning ota-onalarga berildi. Tadbir institut iqtidorli talabalari ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar hamda jozibador raqslar bilan davom etdi. Tadbir yakunida institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori v.v.b. J.Nasriddinov so‘zga chiqib, yangiliklar, o‘zgarishlar, o‘quv jarayoni va oldimizda turgan vazifalar haqida ma’lumot berdi. Tadbir yakunlanganidan so‘ng, talabalar o‘quv auditoriyalariga qarab yo‘l oldilar. 📹 Video: 👉 https://t.me/jizpi_online/31799 📸 Fotogalereya: 👉 https://t.me/jizpi_online/31733 👉 https://t.me/jizpi_online/31742 👉 https://t.me/jizpi_online/31752 👉 https://t.me/jizpi_online/31762 👉 https://t.me/jizpi_online/31772

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3