Jizzax politexnika institutida o’quv yili yakuniga bag’ishlangan ilmiy kengashning kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Ushbu yig’ilishda institut rektori Alisher Usmankulov, soha prorektorlari, barcha fakultetlar dekanlari, kafedra mudirlari hamda professor-o'qituvchilar ishtirok etdilar.

Yig’ilish avvalida, bir guruh professor-o‘qituvchilarning zamonaviy ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Professorlik, dotsentlik ilmiy unvoni attestati hamda PhD diplomlari o‘z egalariga topshirildi.

Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida stajirovka o'tab qaytishgan institutimizning 4 nafar o'qituvchilari(Mirzayev Uchqun, Abdullayev Elnur, Xudoyberdiyev Umidjon, Turatov Bekzod)ga stajirovkani muvaffaqiyatli o‘taganligi to‘g‘risida tegishli sertifikatlar topshirildi.

Yig'ilish davomida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan institut axborot xizmati rahbari Jahongir Tulakov, institut muassisligidagi «Bunyodkor yoshlar» gazetasi bosh muharriri Gavhar Saydullayeva, kompyuter operatori Shahnoza Mansurova va institut matbuot kotibi Shahnoza Norboyevaga institut rektori tomonidan sovg'alar topshirildi.

Shuningdek, bir nafar talabamizga esdalik ko'krak nishoni topshirildi.

Shundan so'ng ilmiy kengash yig‘ilishining asosiy qismi boshlandi.

Ilmiy kengash yig‘ilishining asosiy qismida mas'ullarning barcha professor–o‘qituvchilar faoliyati bo'yicha o'rganish natijalari tanqidiy-tahliliy ruhda ko'rib chiqildi. 

Kengaytirilgan ilmiy kengash yig‘ilishining asosiy qismida "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring" bo‘limi boshlig‘i T.Ibaydullayev so'zga chiqdi.

T.Ibaydullayev tomonidan institut professor-o‘qituvchilarining 2021-2022 o‘quv yili samaradorlik ko‘rsatkichlari natijalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Unda institutda faoliyat olib borayotgan barcha professor–o‘qituvchilar faoliyati tanqidiy tahlil qilingan.

Shuningdek, samaradorlik ko‘rsatgichi 0% bo‘lgan professor-o‘qituvchilar hamda shtat birliklaridagi samaradorlik ko‘rsatgichlari 55%dan past professor-o‘qituvchilar haqida alohida to'xtalib o'tildi.

Shundan so'ng institut reyting indikatorlari haqida 2022-yilning 6 oylik natijalari tahlili bo‘yicha "Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi" boshlig‘i Sh.Qarshiboyev axborot berdi.

Reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlil fakultetlar kesimida, so‘ngra kafedralar kesimida va alohida professor-o‘qituvchilar kesimida ham tanqidiy olib borildi.  

Jizzax politexnika instituti rektorining “2021-2022 o‘quv yili yakuniga ko‘ra professor-o‘qituvchilarning yillik faoliyatini baholash hamda institut kafedralarining yillik hisoboti bo‘yicha taqdimotlarini qabul qilish to‘g‘risida” 2022-yil 4-iyundagi 133-AF sonli buyrug‘i bilan professor-o‘qituvchilarning 2021-2022 o‘quv yili faoliyati bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichi (o‘quv-uslubiy ishlar bo’yicha) ikkinchi bandi "Professor-o‘qituvchilarning ta’lim jarayoniga tegishli ma‘lumotlarga egaligi va me‘yoriy hujjatlar bo‘yicha savodxonligi" test-sinovlari o’tkazilgan edi.

Test sinovida qoniqarsiz natija olgan o'qituvchilar ma'lumoti alohida tandiqiy tahlil qilinib, test sinovida ishtirok etmagan o'qituvchilar haqida ma'lumot keltirildi.

Ushbu ma’lumot institut o‘quv uslubiy boshqarmasi tomonidan taqdim etildi.

Yig'ilish yakunida har bir professor-o‘qituvchilar bilan yangi o‘quv yilida shartnoma tuzish va dars taqsimlashda ushbu ko‘rsatkichlar e’tiborga olinishi ta'kidlandi.