Bugun Jizzax politexnika instituti Sanoat texnologiyalari fakultetida ekologik madaniyatni yuksaltirish va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida ekologik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Sanoat texnologiyalari fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Sherqulov Umar, “Ekologiya va mehnat muhofazasi” kafedrasi mudiri Muqaddas Tirkasheva hamda talabalari faol ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar mahalla hududlarida chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ish, saralash va qayta ishlashning ahamiyatiga e’tibor qaratib, aholiga ekologik tozalikni saqlash, yashil hududlarni asrash va obodonlashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib bordilar. Shuningdek, ekologik targ‘ibot materiallari tarqatilib, tabiatga mehr va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish g‘oyalari keng targ‘ib qilindi.
Talabalar amaliy faoliyat orqali hududni tozalash ishlarida ishtirok etib, ijtimoiy faollik va ekologik madaniyatlarini namoyon etdilar. Ushbu aksiya yoshlar ongida atrof-muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirish, mahallalarni chiqindidan xoli, toza va obod hududga aylantirishga xizmat qiladi.