Img
7-Iyun, 2026-yil

JizPI talabalari “Eko-zakovat” xalqaro musobaqasida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga yetib bordi

Samarqand shahrida bugundan 10-iyun kuniga qadar “Eko-zakovat” xalqaro intellektual musobaqasi o‘tkaziladi.

Mazkur musobaqada Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Ozarbayjon davlatlaridan kelgan jamoalar hamda respublikamizning barcha hududlaridan ishtirokchilar qatnashmoqda.

“Eko-zakovat” doirasida yoshlar atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash hamda ekologiya sohasiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazadilar.

Shuningdek, intellektual o‘yin ishtirokchilari uchun Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga sayohat hamda daraxt ekish aksiyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirda Jizzax politexnika instituti Sanoat texnologiyalari fakulteti Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi ta’lim yo‘nalishi talabalaridan tashkil topgan jamoa ham ishtirok etmoqda. Institut jamoasi musobaqada qatnashish uchun Samarqand shahriga yetib bordi.

“Eko-zakovat” yoshlarning atrof-muhitni asrash borasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash, mahalliy va xorijlik ekofaollar o‘rtasida tajriba almashish, ekologik xabardorlikni oshirish hamda ekomadaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Institutimiz jamoasiga musobaqada omad va muvaffaqiyat tilaymiz!

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3