Jizzax politexnika instituti Qurilish muhandisligi fakultetida “Toza shahar” ekologik o‘quv kampaniyasining “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida navbatdagi axborot-ta’limiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Qurilish muhandisligi fakulteti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda fakultet talaba-yoshlari, xotin-qizlar, NNT vakillari va ekologik faollar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi maishiy chiqindilarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib etishdan iborat.
Tadbir davomida maxsus tayyorlangan taqdimotlar orqali chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash, mas’uliyatli iste’mol, chiqindilar miqdorini kamaytirish va qayta foydalanish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni haqida muhim ma’lumotlar berildi.
Interaktiv usullar asosida tashkil etilgan tadbirda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Ular ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Seminar yakunida kreativ g‘oyalari va bahs-munozaralardagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan talabalarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.