Yevropa Ittifoqi davlatlari oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tash va malaka oshirish uchun ochiq tanlov e’lon qilinadi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2026-yil 24-apreldagi 02-PA 1/1-2081xdfu-son topshirig‘i bilan belgilangan “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari tibbiyot va texnologiyalar kongressi yakunlari yuzasidan Yo‘l xaritasi”ning 2.2-bandida 130 nafar professor-o‘qituvchini stajirovka va malaka oshirish dasturi asosida Yevropa universitetlariga yuborish hamda nomzodlarni saralash vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tash va malaka oshirish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilinadi.
Tanlov professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or Yevropa tajribasini o‘rganish hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan professor-o‘qituvchilar qo‘shimcha ma’lumot olish uchun institut Xalqaro hamkorlik bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.
Tanlovda ishtirok etish shartlari
- Jizzax politexnika institutida asosiy shtatda professor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi;
- Kamida 2 yillik ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi;
- Ingliz tilini (yoki qabul qiluvchi mamlakat tilini) stajirovka dasturida ishtirok etish uchun yetarli darajada bilishi (B2 darajasi yoki unga teng bilimga ega bo‘lishi);
- So‘nggi 3 yil davomida ilmiy-pedagogik faoliyatda muayyan natijalarga erishgan bo‘lishi (ilmiy maqolalar, o‘quv-uslubiy ishlanmalar, xalqaro loyihalarda ishtirok va boshqalar);
- Stajirovka maqsadi va kutilayotgan natijalarini asoslab bera olishi;
- Stajirovka davomida o‘zlashtirilgan bilim va tajribalarni institutning ta’lim hamda ilmiy faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha aniq takliflarga ega bo‘lishi.
Tanlov uchun talab etiladigan hujjatlar
- Institut rektori nomiga ariza;
- Ma’lumotnoma (CV);
- Ilmiy-pedagogik faoliyat natijalari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
- Til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (mavjud bo‘lsa);
- Stajirovka maqsadi va kutilayotgan natijalari bayon etilgan motivatsion xat (1–2 bet);
- Xorijga chiqish pasporti nusxasi.
Hujjatlarni topshirish joyi: Institut Xalqaro hamkorlik bo‘limi.
Aloqa: +99850 509-24-96