BMT tashkiloti tomonidan 3-dekabr –Xalqaro nogironlar kuni, deb eʼlon qilingan. Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a'zosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida ko'plab islohotlar hamda tadbirlar amalga oshirilmoqda. “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi Qonun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktabrdagi 47/3-sonli qaroriga asosan har yili “3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” sifatida respublikamizda keng nishonlanishi hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol isbotidir. Ayni vaqtda institutimizda ham 106 nafar nogironligi boʻlgan talaba-yoshlar tahsil olmoqdalar. Institut rahbariyati tomonidan ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Talaba-yoshlarga institut rektori tomonidan muntazam ravishda moddiy yordam berib kelinadi. Bugun, 3-dekabr kuni Jizzax politexnika institutida ham Xalqaro nogironlar kuniga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Tadbirda institutning O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri X.Xamdamova, viloyat OITSga qarshi kurash markazi sanitar-targ‘ibotchi vrachi M.Sodiqov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan hech kim hech qachon e’tibordan chetda emasligini, yurtimizda har kuni inson qadri ulug‘lanib, o‘zaro mehr-oqibat, qo‘llab-quvvatlash, doimiy hamkorlik tamoyillari asosida vatanimiz taraqqiy topib borayotganligi ta'kidlandi. Tadbir yakunida mavzuga doir videorolik namoyish etildi.