Yig‘ilishni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Eshbekova ochib berdi. U o‘z so'zida institutda talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, kelajakda bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yanada keng hamkorlik qilish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng so‘z navbatini Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat Sudi raisi O‘.Djumayevga berdi. O‘.Djumayev o‘z so‘zida viloyat sudi tomonidan viloyatda talaba-yoshlar bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga, xususan, sudlar tomonidan chiqarilayotgan qarorlar va ajrimlarni oliy ta’lim muassasalarida muhokama etish orqali ularga jinoyat va jazoning mohiyatini, jazoning adolatliligi va muqarrarligini tushuntirish, qonunchilik normalarini keng ma’noda yetkazish, jinoyatlarning oldini olishda boshqa usullarga to‘xtalib o‘tdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi sudyasi I.Muhammedova so‘zga chiqib, oliy ta’lim muassasalarida diniy ekstremistik mazmundagi g‘oyalarni targ‘ib qilishni oldini olish, faoliyati taqiqlangan tashkilotlar vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida joylashtirilayotgan diniy mazmundagi ma’lumotlarni tarqatish qonun bilan taqiqlanganligi, qonunchilik asosida javobgarlikka tortilishi haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi sudyasi E.Qarshiyev so‘zga chiqib, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, xususan, professor-o‘qituvchilar va tyutorlar, guruh murabbiylari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari mazmuniga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng Jizzax shahar prokurori katta yordamchisi O.Odilov o‘z so‘zida yig‘ilish ishtirokchilariga  yoshlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan  ma’lumotlar berdi. Huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari  bilan  talaba-yoshlar hamda pedagog-xodimlarni tanishtirdi.

Shundan so'ng, institutning joriy yilgi qabul komissiyasi mas'ul kotibi A.Berdikulov 2022-2023-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish masalalari yuzasidan keng tushuntirish berib o‘tdi.

Yig‘ilish barchada katta taassurot qoldirdi.