Jizzax shahar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shunday nomlandi. Mazkur tadbirda Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari faol ishtirok etib, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykali poyiga gul qo‘ydilar. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi va 21-oktabr - Oʻzbek tili bayrami kunini keng nishonlash maqsadida Jizzax shahar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida “O‘zbek tili-xalqimizni birlashtirgan kuchdir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga Jizzax viloyat hamda shahar hokimligi, viloyat Yozuvchilar uyushmasi, korxona va muassasa rahbarlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, harbiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so’zga chiqqanlar tomonidan Davlat tiliga e’tibor ko‘rsatishda muhtaram Prezidentimiz alohida o‘rnak ko‘rsatganligi ya’ni, 2020-yil BMT Bosh Assambleyasining onlayn tarzda o‘tkazilgan 75-sessiyasida, 2023-yil bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida hamda qator xalqaro darajadagi uchrashuvlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilganligi qolaversa ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati haqida kengroq to’xtalib o’tdilar.