Shu o‘rinda kitob haqida: Asar 1866-yilda yozilgan. Ammo inson kechinmalarining eski va yangisi bo‘lmaganidek, roman qadri ham eskirmagan. «Kambag‘allik ayb emas, biroq yo‘qchilik - illat. Birinchisida inson tug‘ma olijanob fazilatlarni saqlab qola oladi, ammo yo‘qchilikda ularni hech qachon va hech kim saqlab qola olmaydi», asardagi personajlaridan biri bosh qahramonga bu gapni hayotiy misollar asosida izohlab beradi. Universitetning sobiq talabasi bo‘lgan Raskolnikov esa bu gapdan tegishli xulosa chiqara olmaydi. Natijada, yo‘qchilikdan qutulish, tezda boyib ketish va yuqori mavqega ega bo‘lish maqsadida aql bovar qilmaydigan jinoyat sodir qiladi. Fojiali jihati - qahramon o‘z jinoyatini oqlaydi. Ammo hayot qonunlari adolatli jinoyatni jazosiz qo‘lishiga imkon bermaydi. Ruhiy jazo jinoyatchini o‘z aybiga iqror bo‘lishga majbur etadi. Romanda shu mudhish qotillikning uzluksiz uqubatlari bilan birga go‘zal muhabbat tasviri ham borki, u kitobxon qalbini beixtiyor junbushga keltiradi.