Jizzax Politexnika Instituti Yangi-Sayti hozircha test holatda ishlayabdi
Img
18.11.2024

JizPIda “Millat bayrogʻi” mavzusida tadbir tashkil etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 14-noyabrdagi 3/15-2/5-78-son xatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlisining 2024-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 33 yilligini munosib tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 45-son bayonida barcha taʼlim muassasalarida davlat bayrogʻiga hurmat ruhini shakllantirish, vatanparvarlikni ulugʻlashga bagʻishlangan “Millat bayrogʻi” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazish vazifasi belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 18-noyabr kuni Energetika muhandisligi, Kimyo muhandisligi hamda Qurilish muhandisligi fakultetlari tomonidan “Millat bayrogʻi” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari M.Abdurahmonova, Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Sh.Xudayarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudi sudyasi K.Alovov, Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi A.Rahmatov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, fakultetlarning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirni dastlab Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova kirish so‘zi bilan ochib berdi. “Oʻzbekistonning milliy qadr-qimmati, tarixiy merosi va madaniy boyligining ramzidir. U o‘zbek xalqining chuqur qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, milliy o‘zlikni anglashning muhim tarkibiy qismi hisoblanib, davlat binolari, ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari ustidagi minoralar bo‘lib, mamlakat fuqarolarini umumiy g‘oyalar atrofida birlashtiradi. Bu davlat ramzi mamlakat mustaqilligi, o‘zbek xalqining taraqqiyot va farovonlikka intilishini ifodalaydi. Bayroq O‘zbekiston xalqining ma’naviy-madaniy an’analarini, uning ko‘p asrlik tarixi va chuqur ildizlarini eslatuvchi bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi birinchi prorektor. Shundan so‘ng so‘zga Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari M.Abdurahmonova, Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Sh.Xudayarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudi sudyasi K.Alovov, Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi A.Rahmatovlar chiqib, davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, uning mamlakat davlat ramzlari orasida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berishdi. Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi mas’ul xodimi A.Rahmatov tadbir ishtirokchilariga davlat bayrog‘i haqida viktorina savollarini berdi. Viktorina savollarida barcha talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Tadbir yakunida iqtidorli talabalar tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ularda Vatanni, davlat bayrog‘ini madh etuvchi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi. Iqtidorli qizlar tomonidan raqslar ijrosi etildi. Tadbir barcha talabalarda vatanparvarlik ruhiyati shakllanishi, xalqimizning azaliy ezgu orzu-intilishlarini anglab yetishiga va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ulari shakllanishiga hissa qo‘shdi, barcha ishtirokchilarga xushkayfiyat bag‘ishladi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3