Jizzax politexnika institutida mazkur mavzuda uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda “Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot”, “Muhandislik va iqtisodiyot” ilmiy jurnallari muharriri Sherzod Qurbonov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Jamshid Abdunazarov, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi. Hozirgi kunda muhandislik sohasidagi yuqori raqobat va tezkor innovatsiya davrida ilg‘or muhandislik maktablarining tajribalarini o‘rganish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Institutda o‘tkazilgan tadbir davomida ushbu yo‘nalishda bir qator istiqbolli takliflar ilgari surildi. Tadqiqotlar asosida ilg‘or muhandislik maktablarining o‘quv dasturlari, amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlari va innovatsion laboratoriyalarining faoliyati chuqur o‘rganilishida jurnal bilan hamkorlik o‘rnatish ta’kidlandi. Muhandislik metodologiyalari va o‘qitish usullari bo‘yicha ilmiy maqolalar tayyorlash, ularni ilmiy nashrlarda chop etish orqali O‘zbekiston muhandislik ta’limi sohasidagi ilmiy salohiyatni yuksaltirish taklif etildi. Ilmiy tadqiqotlardan tashqari, ilg‘or muhandislik maktablari tajribasini qo‘llashga qaratilgan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bunda nafaqat metodologiyalarni integratsiya qilish, balki mahalliy professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni jalb qilish orqali tajriba almashishga kelishildi. Tadbir davomida berilgan takliflarning amaliy ijrosi mamlakatimiz uchun muhim strategik qadam bo‘lishi kutilmoqda.