Ilm-fanni ommalashtirish maqsadida Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat korporatsiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Jizzax politexnika institutida “O‘zbekistonda kvant haftaligi” ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Forum maqsadi – “kvant hisoblash” ustuvor ilmiy yo‘nalishi, aniq fanlari va kvant texnologiyalari sohasidagi bilimlarni, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, bu sohada yoshlarning malakasini oshirish imkoniyatlarini ommalashtirishdan iborat hisoblanadi. “O‘zbekistonda kvant haftaligi” ishida “Rosatom” davlat atom energetika korporatsiyasi vakili, “Kvant” MChJ QK bosh direktori Maksim Igorevich Ostras, “Kvant” MChJ QK kasb-hunar ta’limini rivojlantirish boshqarmasining boshqa xodimlari, Jizzax politexnika institutidan Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor J.Abdunazarov, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Dastlab “Rosatom” davlat atom energiyasi korporatsiyasining 7 kishidan iborat delegatsiyasi tantanali kutib olindi. Delegatsiya a’zolari Jizzax politexnika institutining Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati hamda institutida mavjud kvant laboratoriya jihozlari, adabiyotlar bilan tanishdi. Mazkur loyiha doirasida “Kibersport” fakulteti dekani J.Hamidov va loyihaning hududiy koordinatori “Radioelektronika” kafedrasi dotsenti Sergey Sattarovlar rahbarligida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, bir qator professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar: - Dallasdagi Texas universiteti professori, Samarqand kvant markazi rahbari Anvar Zohidov “KERAKLI QUBITLI KVANT KOMPYUTERLARINING ISHLAB CHIQISHLARI” mavzusidagi ma’ruzasi bilan; - “Kvant” MChJ QK bosh direktori Maksim Ostras “KVANT SENSORLARI” mavzusidagi ma’ruzasi bilan; - Dmitriy Chermoshentsev, “Kvant” MChJ QK guruh rahbari, “KVANT TEXNOLOGIYALARIGA YANGI JAVOBI” mavzusidagi ma’ruzasi bilan; - Jizzax politexnika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Jamshid Abdunazarov “JIZZAXDA KVANT TEXNOLOGIYALARI” mavzusidagi ma’ruzasi bilan. Forum Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova umumiy rahbarligida o‘tkazildi. Jizzax politexnika institutida o‘tkazilgan mazkur ta’lim loyihasi doirasida Jizzax politexnika instituti qoshidagi litseyda kvant darsi bo‘lib o‘tdi. Litsey direktori Matluba G‘oziyeva hamda Kasamara Valeriya Aleksandrovna boshchiligida litsey o‘quvchilari hamda Jizzax shahridagi 1-sonli maktab o‘quvchilari uchun seminar trening tashkil etildi. Dars 1-sonli A.S Pushkin nomidagi maktab, 5-sonli va 19-sonli hamda “Sayiljoyi” akademik litseyi o‘quvchilari bilan o‘tazildi. Rossiya kvant markazi mutaxassislari kvant texnologiyalari haqida ma’ruzalar o‘qishdi, o‘quv filmini namoyish qilishdi, lazerli o‘quv stolida amaliy mashg‘ulotlar va kvant o‘yinlarini o‘tkazishdi. Musobaqa g‘oliblariga “Rosatom” davlat korporatsiyasining sovg‘alari topshirildi. Jizzax shahridagi hududiy oliy ta’lim muassasalari rahbariyati, xususan, Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali direktori Marat Umarov bilan davra suhbati o‘tkazildi. Maslahatlashuvlar natijasida Rosatom koʻmagida bakalavriat taʼlimning yangi yoʻnalishlarini ochish, shuningdek, kvant texnologiyalari boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. “O‘zbekistonda kvant haftaligi” kunlarini har yili Jizzax viloyatida o‘tkazishga kelishib olindi. Jizzax shahrida “O‘zbekistonda kvant haftaligi” doirasidagi tadbirlar ishtirokchilarning birgalikdagi suratga tushishi bilan yakunlandi.