Jizzax politexnika institutida shahar va tumanlar hokimi oʻrinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun oʻquv-amaliy seminar boshlandi. Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad, Davlatimiz rahbarining 2024-yil 18-20-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida soʻzlagan nutqlarida bayon etilgan tashabbuslar, shuningdek, “2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari oldida turgan muhim vazifalarni oʻrganish, ularning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishdan iboratdir. Oʻquv-seminarni ochilish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimi Ergash Saliyev seminarning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, viloyat hokimi “Ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari oldida turgan muhim vazifalarni oʻrganish, ularning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish muhimligi”ni taʼkidladi. Oʻquv-amaliy seminar davomida ishtirokchilar tashkil etilgan koʻrgazma bilan yaqindan tanishdi. Joriy yilning 19-dekabr kuniga qadar davom etadigan seminarga respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari rektorlari, professor-oʻqituvchilar va tajribali mutaxassislar jalb etilib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, mahallabay ishlash, yoshlar siyosati, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi muammolari bilan ishlash kabi muhim mavzularda oʻquv mashgʻulotlarini olib borishadi.