Bugun, 15-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Jizzax politexnika institutida bo‘ldi. Tashrif davomida vazir registrator ofisi va tashkil etilayotgan Muhandislik maktabi bilan yaqindan tanishib, o‘zining takliflarini hamda muhim tavsiyalarini berdi. Ma’lumot uchun, Jizzax politexnika institutida “Yashil energetika muhandisligi” hamda “Mexatronika va robototexnika” oliy muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Muhandislik maktablarining umumiy qiymati tahminan 8 mlrd so‘mni, binosining umumiy maydoni 2 000 m.kv.ni tashkil etadi. “BYD Uzbekistan Factory” QK, “Basalt Uzbekistan”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax Magistral elektr tarmoqlari filiali, “Jizzakh textile” MCHJ asosiy sanoat hamkorlari sifatida belgilangan bo‘lib, bir qator korxonalar, jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Huaxin Cement Jizzakh” MCHJ, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Knauf” MCHJ hamda “Jizzax plastmassa” AJ kabi korxonalari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur maktabga 2025-2026 o‘quv yilida 14 nafar magistr qabul qilish, 8 nafar o‘qituvchini stajirovkaga yuborish, 4 nafar professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislarni jalb qilish reja qilingan. Muhandislik maktabi Mexatronika va robototexnika markazi, CAD/CAE o‘quv zali, Masters center maxsus xonasi hamda ishlab chiqarish maydonini o‘z ichiga oladi. Maktab uchun jihozlar Xitoy, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi bir qator rivojlangan mamlakatlardan olib kelinadi.