Bugungi kunda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, nufuzini oshirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish, erta nikohning oldini olish va sog‘lom farzandni dunyoga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayapti. Taassufki, oila poydevorining barpo etilishida shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yilayotgani, ayrim ota-onalar hali ta’lim olayotgan yoki biror kasbni egallashga ulgurmagan farzandlarini turmushga berishi, uylantirib qo‘yishi oqibatida yoshlar muammolar girdobiga tushib qolmoqda. Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun erta oila qurgan shaxslar, shuningdek, bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalar, ta’lim va diniy muassasa xodimlari javobgarlikka tortilmoqda. Oila kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlik, ya’ni nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikohga kirishish, uni erga berish yoki uylantirish, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun qonunchilikda javobgarlikni belgilovchi normalar kiritilgan. Bizga ma’lumki, sog‘lom oilani shakllantirishning asosiy shartlaridan biri ayolning biologik va ma’naviy yetuk yoshda turmush qurishidir. Ularning oilaviy hayotga ruhiy, jismoniy, tibbiy, ma’naviy jihatdan tayyor emasligi bir qator salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Bolaning sog‘lom bo‘lishini belgilovchi omillarda ham ota-ona, ayniqsa, onaning yoshi asosiy o‘rin egallaydi. Yosh turmush qurish va erta ona bo‘lish ayolning juda ko‘p imkoniyatlarini cheklashi bilan birga, salomatligiga ham jiddiy xavf solishi mumkin. Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tgan navbatdagi davra suvbati mana shu kabi salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratildi. Institut rektori tomonidan 2024-yil 28-avgustda tasdiqlangan “2024/2025-o‘quv yili davomida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida amalga oshiriladigan vazifalar bo‘yicha yillik kalendar reja”ning 343-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida “Erta turmushning oldini olish va qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiy markazi Jizzax filiali reproduktiv salomatlik bo‘limi shifokori F.Qodirova, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiy markazi Jizzax filiali reproduktiv salomatlik bo‘limi akusher-ginekologi G.Qozoqova, “Fuqarolik tashabbusini qo‘llab-quvvatlash markazi” NNT rahbari Jizzax viloyati “Oqila ayollar” harakati Kengashi a’zosi F.Mamasiddiqova, JizPI Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Xolbekova, tyutorlar hamda talaba-qizlar ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan erta nikoh, erta homiladorlik, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh hamda kutilmagan homiladorlik holatlarining oldini olish kabi haolatlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Tadbir yakunida talaba-qizlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan yetarlicha javoblar berildi.