12-fevral kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida vazirlik tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar va masʼul xodimlar uchun Axborot va kiberxavfsizlik, “kibergigiyena” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminarda respublika bo‘ylab OTMlar rahbar xodimlari qatorida Jizzax politexnika institutidan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, kapitan N.Rasulova, institut matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi J.Tulakov hamda fakultetlarning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari ZOOM platformasi orqali spikerlar ma’ruzalarini tinglashdi. Seminarning asosiy maqsadi – xodimlarning axborot xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda “kibergigiyena” madaniyatini shakllantirishdan iborat. Tadbirda internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlardan himoyalanish choralari muhokama qilindi. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalarida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. O‘quv-seminarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ul xodimi ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. U tinglovchilarga internetdan xavfsiz foydalanish qoidalari, kiberjinoyatlar turlari va ularning oldini olish usullari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga kiberjinoyatlarning sodir etilish usullari, soxta axborotlarni aniqlash va moliyaviy firibgarliklardan himoyalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Seminar yakunida esa kiberjinoyatlar va ularning oqibatlari haqida maxsus tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.