Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganish borasidagi intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur masalalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ko‘tarilgan dolzarb mavzu va vazifalarda ham o‘z aksini topdi. Muloqot davomida oliy ta’lim tizimida olib borilgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda yoshlarning oliy ta’limga qamrovi 9 foizdan 42 foizga ko‘tarilgani, oliygohlar soni 3 barobarga oshgani qayd etildi. Shuningdek, xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paygani, ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni esa 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetgani ta’kidlandi. Muloqotda eng dolzarb masalalaridan biri – bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi oldimizdagi eng muhim vazifa va muammolardan biri ekanligi alohida aytib o‘tildi. Davlatimiz rahbari ushbu masalaga e’tibor qaratar ekan, bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yosh mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalayotganini bildirdi. Yoshlar o‘rtasidagi yuqori ishsizlikning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirdi. Bu muammoni hal qilish uchun ishsizlikka qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tarilishini, buning uchun 100 million dollar ajratilishini aytdi. Bu borada oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga bir qator muhim topshiriq va vazifalarni belgilab berdi. Yig‘ilishda belgilab berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Jizzax politexnika institutida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov yakunlanayotgan hafta davomida bir qator ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shunday uchrashuvlardan biri bugun 26-aprel kuni Transport muhandisligi fakultetiga qarashli yo‘nalishlar bitiruvchilari bilan tashkil etildi. Rektor boshchiligida o‘tgan navbatdagi uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor v.b. J.Nasriddinov, fakultet dekani, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar hamda fakultet bitiruvchilari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida institut rektori har bir talaba bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilinib, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan mas’ullar ogohlantirildi. Institut rektorining bitiruvchilar bilan uchrashuvi kelayotgan haftada ham davom etadi.