“BYD Uzbekistan Factory” vakillarining Jizzax politexnika institutiga tashrifi doirasida yangi ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Dastlab Jizzax politexnika institutining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori J.Abdunazarov mehmonlarni institut hududida tashkil etilayotgan Avtomobilsozlik Ilg‘or muhandislik maktabi bilan tanishtirdi. Tashrif davomida BYD korxonasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Morgan Yin, Jizzax politexnika instituti va “BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo‘shma korxonasi hamkorligida tashkil etilayotgan Avtomobilsozlik ilg‘or muhandislik maktabi imkoniyatlarini o‘rganish, maktabga taqdim etiladigan investitsiya mablag‘lari va R&D markazini ochish masalalarini muhokama qilindi. Shuningdek, Ilg‘or muhandislik maktabini zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash va maktabga taqdim etiladigan investitsiya mablag‘lari borasida kelishib olindi. Morgan Yin va instituti vakillari kelgusidagi tadqiqot jarayonlarini yanada takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Bundan tashqari, Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar bildirildi. Bu tashrif nafaqat ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga, balki Jizzax viloyatining sanoat rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shadi.