Img
02.05.2025

Jizzax viloyati musiqali drama teatrida Jizzax politexnika instituti talaba-yoshlari Turob To‘la qalamiga mansub “Nodirabegim” spektaklini tomosha qildilar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2023-yilning 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida qo‘yilgan vazifalar doirasida har oyning bir kuni teatr kuni deb belgilangan. 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida Jizzax politexnika instituti talaba-yoshlari uchun Turob To‘la qalamiga mansub “Nodirabegim” spektakli namoyish etildi. Ma’lumot uchun, mazkur tarixiy spektaklda: — XVIII asr oxiri va XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan o‘zbek mumtoz adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri Nodirabegimning murakkab hayotiga bag‘ishlangan mazkur asarda asosan Qo‘qon xonligi taxtiga o‘tirgan 14 yoshli Muhammad Alixon davri xususida so‘z boradi. Asarda o‘tmishimizdagi erksizlik tufayli taxt talashlar qurboniga aylangan mazlum xalq va o‘zaro ishonchsizlik, xiyonat va razolatdan jabr ko‘rgan buyuk shoiramizning iztiroblarga to‘la mashaqqatli hayoti tarixiy faktlar asosida badiiy ifoda etilgan. O‘g‘li yosh bo‘lgani bois Nodirabegim mamlakatni boshqarishda Muhammad Alixonning yonida turadi. O‘z xalqining ozod va baxtiyor yashashini doimo orzu qilib yashagan shoira aynan mana shu davrda, yaʼni 1822 yildan to 1842-yilga qadar yurt tinchligi, obodligi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Saroydagi azaliy ziddiyatlarga qaramay adabiyotning yuksalishi yo‘lida, davlatchilikni ijtimoiy va iqtisodiy ravnaq toptirish yo‘lida qanchalik murakkab bo‘lmasin, bir muncha muvaffaqiyalar qozonadi. Mana shunday tarixiy siymolarimizning jasoratini ko‘rganda har birimiz beixtiyor g‘ururlanib ketamiz. Teatrga tez-tez kelib, tarixiy spektakllarni tomosha qilishimiz, shu orqali ajdodlarimiz haqida ko‘proq bilishimiz kerakligini his qilamiz. Spektaklni tomosha qilgan talaba-yoshlar ma’naviy-ma’rifiy hordiq chiqarishdi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3