Img
None

“Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi

2025-yil 8-may kuni Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari Jizzax shahridagi “Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yib, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Mazkur tadbir 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazildi. Institut rektori, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, fakultet dekanlari hamda talaba-yoshlar yodgorlik oldida to‘planib, urush yillarida Vatan ravnaqi yo‘lida hayotini fido qilgan insonlarni yod etdilar.

Tadbir davomida qatnashchilar avvalo “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatan uchun qurbon bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz ruhiga hurmat bajo keltirdilar. Daqiqalik sukut saqlanib, yurt tinchligi, ozodligi va farovonligi uchun jon bergan ajdodlar xotirasiga ehtirom bildirildi.

Tadbirda urush va mehnat fronti faxriylari ham ishtirok etdilar. Talaba-yoshlar ular bilan suhbat qurib, ularning xotiralari, sabr-toqati va mardlik hikoyalari orqali tarix saboqlarini angladilar. Bu uchrashuv yoshlar qalbida yurtga xizmat qilishga, tinchlikni qadrlashga bo‘lgan intilishni yanada kuchaytirdi.

Jizzax politexnika instituti jamoasi har yili 9-may kuni yurt ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini yodga olishni o‘zining fuqarolik burchi deb biladi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3