Img
None

Jizzax politexnika instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Hefei texnologiya universiteti o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2025-yil 7-may kuni Jizzax politexnika instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Hefei texnologiya universiteti vakillari o‘rtasida ilmiy va texnik sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish va innovatsion tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish borasida muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuvda Hefei texnologiya universiteti vakillari, Jizzax politexnika institutidan institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmankulov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Jamshid Abdunazarov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhriddin Eshqulov, Transport muhandisligi fakulteti dekani Sirojiddin Jiyanboyev hamda Transport vositalari muhandisligi kafedrasi mudiri Sherali Suvonqulov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar qator dolzarb masalalarni, jumladan, Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilayotgan Avtomobilsozlik Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati va uning istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, maktab uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot (R&D) markazini ochish masalalari, shuningdek, ilmiy-texnik loyihalarda qo‘shma ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan BYD avtomobil zavodiga ham tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa hamkorlikning amaliy jihatlarini mustahkamlash va sanoat bilan integratsiyalashgan ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ilmiy sohada yangi yutuqlarga erishish uchun yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Qo'shimcha rasm 1 Qo'shimcha rasm 2 Qo'shimcha rasm 3