Jizzax politexnika institutida Xitoy Xalq Respublikasining Hefei texnologiyalar universiteti va “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish, zamonaviy o‘quv rejalari va sillabuslar ishlab chiqish, shuningdek, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonlik talabalar uchun Xitoyda tahsil olish, ishlab chiqarish amaliyotlarida ishtirok etish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa ularni “BYD Uzbekistan Factory” korxonasi uchun mos yuqori malakali muhandislar sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Seminar doirasida Zomin tumanidagi Dashtobod kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan 31 ta Xitoy kompaniyasiga institutning kadrlar tayyorlash salohiyati taqdim etildi.
Yig‘ilish yakunida uch tomonlama hamkorlik asosida qo‘shma ta’lim dasturlarini yanada rivojlantirish, xalqaro ilmiy tanlovlarda ishtirok etish va iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar joriy etish bo‘yicha qator amaliy qarorlar qabul qilindi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan BYD avtomobil zavodiga ham tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa hamkorlikning amaliy jihatlarini mustahkamlash va sanoat bilan integratsiyalashgan ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.